You are here

"O'zbekinvest" EIMSK hisobot davrida tadbirkorlik subyektlari bilan 6 625 ta sug'urta shartnomasi tuzdi

Ma'lumki, O'zbekistonda sug'urta obyektlarini siyosiy, tabiiy va boshqa turli qaltisliklardan ishonchli sug'urta himoyasi bilan taminlashga sug'urta kompaniyalari yaqindan yordam berib kelmoqda. Xususan, yurtimiz iqtisodiyotiga xorijiy investorlarni jalb etishni qo'llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirishga ko'maklashib kelayotgan «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi bu borada salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Aytish joizki, mazkur kompaniya umumiy sug'urta bozorida o'z faoliyatini olib borib, sug'urta faoliyati klassifikatoriga ko'ra mavjud 17 turdagi sug'urtaning barchasi bilan shug'ullanib kelmoqda.

“O'zbekinvest” sug'urta bozoridagi yetakchi kompaniya bo'lib, so'nggi yillar mobaynida yig'ilgan sug'urta mukofotlari bo'yicha sug'urtachilar reytingida mustahkam ravishda yuqori qatorlarni egallab kelmoqda.

“O'zbekinvest” EIMSK sug’urta markazi rahbari Shuxratjon Aminjonov “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:

– Kompaniyaning hududiy tarmog'ini rivojlantirish orqali aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining sug'urta xizmatlari bilan qamrab olinishini oshirish “O'zbekinvest” eksport import milliy sug'urta kompaniyasi faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir. Joriy yilning 1 yanvar holatiga qadar “O'zbekinvest” kompaniyasida 100 ta sug'urta bo'limlari faoliyat yuritib, ularning 89 tasi chekka hududlarda joylashgan. 2014 yil oxirigacha kompaniya tomonidan 25 ta sug'urta bo'limi hamda sug'urta polislarini sotish bo'yicha 25 ta savdo shoxobchasining ochilishi rejalashtirilgan edi.

Hozirgi kunda “O'zbekinvest” kompaniyasida 90 dan ortiq sug'urta mahsulotlari mavjud bo'lib undan 50 foizi kichik biznes subyektlariga tegishli. Qo'shimcha qilish joizki, shu yilning 9 oyi yakunlariga ko'ra, barcha viloyatlarda 22 ta yangi sug'urta bo'limlari va 25 sug'urta polisini sotish shoxobchalari ochilib, hozirda ular faol tarzda aholiga xizmat ko'rsatmoqda. Joriy yilda kompaniya kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan sug'urta xizmatlarining hajmini 140 foizgacha oshirishni mo'ljallamoqda. Hisobot davrida kompaniya tomonidan jismoniy shaxslar bilan 92 607 ta, tadbirkorlik subyektlari bilan esa 6 625 ta sug'urta shartnomalari tuzilgan.

Shuningdek, ushbu yo'nalishlar bo'yicha joriy davrda jismoniy shaxslardan yig'ilgan sug'urta mukofotlari o'tgan yilning mos davriga nisbatan 105,26 foizni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlaridan esa 143 foizni tashkil qildi. Kelgusida kompaniya respublikadagi barcha hududlarni sug'urta xizmatalari bilan qamrab olishni rejalatirmoqda.