2018-yil Davlat dasturi ijrosida sug'urtaning o'rni qanday bo'ladi?

chop etish versiyasi
24.01.2018

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi Farmoni bilan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi tasdiqlandi. Ushbu hujjatda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalari kabi sug'urta ham qayd etib o'tilgan.

Xususan, Dasturning 9-bandida davlatning iqtisodiyotni boshqarishdagi ta'sirini qisqartirish, uning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o'tkazish belgilab qo'yilgan. Ushbu tadbirni amalga oshirish mexanizmida javobgarlikni majburiy sug'urtalash turi qayd etilgan bo'lib, bunda sug'urta kompaniyalari tomonidan ushbu majburiy sug'urta turi bo'yicha takliflar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish lozim bo'ladi.

135-bandda tadbirkorlik va innovatsion sohadagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish uchun venchur fondlar, venchur kompaniyalar va innovatsion korxonalar faoliyatini tartibga solish bilan bir qatorda venchur loyihalarni sug'urtalash bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish belgilangan. Venchur loyihalarga sug'urta himoyasini taqdim etish uchun sug'urta kompaniyalaridan sohaning zamonaviy tendensiyalaridan kelib chiqib yangi xizmatlarni ishlab chiqish va innovatsion yechimlarni taklif etishni talab etadi.

Shuningdek, Dasturning 153-bandida ilg'or xorijiy tajriba asosida tibbiy sug'urta mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo'yicha konsepsiya ishlab chiqish belgilangan bo'lib, unda fuqaroning tibbiy va profilaktika xizmatlariga bo'lgan huquqlari tengligini, sug'urta polislariga asosan sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish kafolatini ta'minlash, tibbiy va profilaktika xizmatlari narxlari, sug'urta mukofoti va majburiyati, sug'urta tovoni miqdori, ularni hisoblash va to'lovni amalga oshirishni tartibga solish mexanizmlari, tibbiy sug'urta jamg'armasini tuzish, uning mablag'larini shakllantirish manbalari, jamg'arma mablag'larini boshqarish hamda ulardan foydalanish tartibi ko'zda tutilmoqda.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati