You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi 2016 yilning 9 oyida 30 trln. so'm sug'urta majburiyatlarini qabul qildi

Joriy yilning 28 oktyabr kuni «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi Ijroiya qo'mitasining Kompaniyaning 2016 yil III chorakdagi faoliyati yakunlariga bag'ishlangan majlisi bo'lib o'tdi.

Unda Kompaniya Ijroiya qo'mitasi a'zolari, hududiy filiallar va sho''ba korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig'ilishda ta'kidlanganidek, hisobot davrida ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlari sifatini oshirish, hududiy filiallar va bo'limlar ishini faollashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish, mahalliy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, mijozlar talab va ehtiyojlarini puxta o'rganishga qaratilgan sa'y-harakatlar natijasida bir qator ijobiy natijalarga erishildi.

Tadbirda ma'lumot berildiki, 2016 yil iqtisodiy dasturining muhim ustuvor yo'nalishlari bo'yicha Kompaniyada tizimli ishlar amalga oshirildi. Hisobot davrida respublikaning 2016 yildagi Investisiya dasturiga kiritilgan 65 ta loyihaga umumiy qiymati 16 trln. so'm sug'urta himoyasi taqdim etildi.

Joriy yilning 9 oyi davomida Kompaniya tomonidan jami yig'ilgan sug'urta mukofotlari 58,6 mlrd. so'mni (o'sish ko'rsatkichi 119 foiz), olingan sug'urta majburiyatlari 30 trln. so'mni (o'sish ko'rsatkichi 98 foiz) tashkil etib, 9,7 mlrd. so'm (o'sish ko'rsatkichi 101 foiz) sug'urta qompalamlari to'lab berilgan. Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar bilan jami 130 mingdan ortiq sug'urta shartnomlari imzolanib, o'sish ko'rsatkichi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 141 foizni tashkil etmoqda.

«O'zbekinvest» kompaniyasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi sug'urta bo'linmalarini ochish va respublika hududlarida faoliyat geografiyasini kengaytirish borasida doimiy ish olib bormoqda.

Xususan, hisobot davrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari bilan 8000 ga yaqin sug'urta shartnomalari tuzilib, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2,5 barobarga ko'pdir. Joriy yilning III choragi davomida 10 ta yangi sug'urta bo'limlari ochildi, shunday qilib, ayni paytda Kompaniya 14 ta hududiy filiallar va 146 ta bo'linmalari orqali butun respublika bo'ylab o'z xizmatlarini taqdim etib kelmoqda. Shuningdek, «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug'urtalash», «Tibbiy sug'urta», «Mol-mulk sug'urtasi» kabi 10 turdagi sug'urta mahsulotini Internet orqali sotib olish imkoniyati yaratilgan.

Ijroiya qo'mita yig'ilishida ta'kidlandiki, mavjud talab va ehtiyojlar o'rganilib, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ijrosini tezkor ta'minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish borasida doimiy ish olib bormoqda.

Xususan, hisobot davrida 12 ta ya'ni, «Ona va bola sog'lig'i, «Farmakologik yoki dori vositalarining klinik tadqiqotini o'tkazishda bemorning hayotiga, sog'lig'iga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini sug'urtalash», «Bojxona brokerlarining bojxona to'lovlarini ta'minlash bo'yicha fuqarolik javobgarligini sug'urtalash», «Bojxona omborlari egalarining bojxona to'lovlarini ta'minlash bo'yicha fuqarolik javobgarligini sug'urtalash”, «Lizinga berilgan transport vositalarini sug'urtalash», «Lizinga berilgan qishloq xo'jaligi texnikalarini sug'urtalash», «Transport vostalariga o'rnatilgan gaz ballon uskunalarini sug'urtalash»,

«Qishloq xo'jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar tadbirkorligi qaltisligini sug'urtalash» «Buxgalteriya xizmatlari ko'rsatuvchilarining kasbiy javobgarligini sug'urtalash» «Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini tashishni sug'urtalash», «Avtotashuvchilarning kasbiy javobgarligini sug'urtalash», «Muzlatgich kameralarda saqlanadigan mulklarni sug'urtalash» sug'urta mahsulotlari ishlab chiqildi.

Yig'ilish yakunida hisobot davrida Kompaniya faoliyatini rivojlantirish, hududiy filiallar ishi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar olib borish bo'yicha takliflar berildi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati