You are here

1 yarim yillikda "O'zbekinvest" sug'urta to'lovlari summasi 5 mlrd. 859 mln. 486 ming so'mdan oshdi

“O'zbekinvest” Eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi 20 yillik faoliyati davomida O'zbekiston sug'urta bozorida o'zining munosib o'rniga ega bo'ldi. Yildan-yilga kompaniya mijozlari sonining ortib borishi qatorida, muvofiq tarzda sug'urta qoplamalari to'lovi miqdori ham o'sib bormoqda. Xususan, shu yilning 1 yarim yilligi davomida sug'urta to'lovlari summasi 5 mlrd. 859 mln. 486 ming so'mdan oshdi.

Sug'urta qoplamasi – sug'urta holati yuzaga kelgan vaziyatda sug'urta shartnomasida nazarda tutilgan to'lovdir. U yetkazilgan moddiy zararning faktik qiymatida, ammo shartnomada ko'zda tutilgan sug'urta summasidan ortiq bo'lmagan miqdorda to'lanadi. Asosan, sug'urta qoplamasi kompaniya tomonidan 15 bank kuni mobaynida to'lab beriladi.

“O'zbekinvest” EIMSK Sug'urta shikoyatlarini ko'rib chiqish departamenti bosh menejeri Denis Korotchenko “Uzreport AA” muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:

– So'nggi paytda to'lovlarning asosiy qismi ish beruvchi fuqarolik javobgarligining majburiy sug'urtasi bilan bog'liq. Mazkur xatarlar segmentidagi to'lovlarning oshishi tuzilgan bitimlar va mijozlar sonining ortishi bilan bog'liq. Sug'urtaning bu turida to'lovlar korxona ishchisining mehnat majburiyatlarini bajarishga aloqador o'lim yoki sog'lig'iga shikast yetishi holatlarida amalga oshiriladi. Bu vaziyatda summa mehnat layoqati yo'qotilgani uchun to'lanadi. Agar bu holat ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki o'lim bilan bog'liq bo'lsa, to'lovlar vafot etgan ishchining qaramog'ida bo'lgan shaxslarga beriladi.

Sug'urtalashning yana bir keng tarqalgan turiga mulkni turli xatarlardan sug'urtalash kiradi. Bu borada Denis Korotchenko quyidagilarni qayd qildi:

– Ushbu sug'urta turida to'lovlar tabiiy ofatlar yuz berganida amalga oshiriladi. Bunga ko'chmas mulkka sezilarli zarar yetkazilishi mumkin bo'lgan shamollar va ko'p miqdordagi yog'ingarchilik kiradi. Sug'urtaning bu turi bo'yicha har yilgi to'lovlar miqdori 500 mln. so'mdan oshadi. Mazkur to'lovlar fermer xo'jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining moliyaviy zararlarini qisqartirish barobarida, jismoniy shaxslarning mulkni qayta tiklash bilan bog'liq xarajatlarini kamaytirishga imkon yaratadi.

Qayd etish joizki, O'zbekinvest kompaniyasi tomonidan taqdim qilinadigan sug'urta turlari ichida avtotransport vositalari sug'urtasi eng kam talabga ega. Ushbu segmentda har yilgi to'lovlar qiymati 200 mln. so'mdan oshmaydi.

O'zbekinvest kompaniyasiga sug'urta to'lovi bo'yicha murojaat yozma ko'rinishda, shunnigdek kompaniya saytidagi elektron pochta va polisda ko'rsatilgan telefon orqali topshirilishi mumkin. Bundan tashqari, kompaniya sug'urta shikoyatlari bo'yicha ma'lumotlar bazasi yaratishni rejalashtirgan, bu esa o'z navbatida xujjatlar aylanmasini qisqartirish, sug'urtalovchilar ishini tizimlashtirish va yengillashtirish imkonini beradi. Demakki, mijozlarga xizmat ko'rsatish bo'yicha yanada yuqoriroq daraja ta'minlanadi.