You are here

“O'zbekinvest” kompaniyasi tadbirkorlar uchun yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqdi

2016 yilning 10 noyabr kuni “O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida yangi sug'urta mahsulotlari taqdimotiga bag'ishlangan seminar tashkil etildi. Unda Kompaniya mijozlari, tadbirkorlik sub'ektlari, xususan eksportyor va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi korxonalar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Ta'kidlash kerakki, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlanitirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada sug'urta himoyasi muhim ahamiyatga ega. Shu jihat e'tiborga olinib, o'tgan davr mobaynida “O'zbekinvest” kompaniyasi tomonidan soha vakillari bo'lgan tadbirkorlar, hunarmandlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, fermerlar faoliyati va ularning mulkiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator sug'urta mahsulotlari ishlab chiqilgan.

Ayni paytda kompaniya ushbu yo'nalishdagi faoliyatini yanada takomillashtirib, tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori asosida tadbirkorlarga sug'urta himoyasini taqdim etish borasida yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqdi.

Shulardan biri qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarining o'z mahsulotlarini xaridorga yetkazishdagi qaltisliklarini sug'urtalash maqsadida “Meva-sabzavot, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini tashishni sug'urtalash” sug'urta mahsuloti hisoblanadi.

Meva-sabzavot, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, sotish bilan shug'ullanuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs o'z mahsulotlarini himoya qilishda ushbu yangi sug'urta xizmatidan foydalanishi mumkin. Ushbu sug'urta mahsuloti bo'yicha shartnoma tuzuvchilar tabiiy ofatlar, yuk tashish vositasining yo'l-transport hodisasiga uchrashi oqibatida, yuklarni ortish va tushirish vaqtida yetkazilgan zararlarning qoplab berilishi ko'zda tutilgan.

Yana bir sug'urta mahsuloti “Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning tadbirkorlik qaltisliklarini sug'urtalash” bo'lib, bunda qishloq xo'jaligi sohasida va ushbu sohada faoliyat yurituvchi yuridik shaxs yoki yakka tadbirkorning mulkiy manfaatlarini himoya qilish nazarda tutilgan. Bunda sug'urtalanuvchiga uning hamkori o'z majburiyatlarini bajarmasligi, ya'ni to'lovni amalga oshirmaslik, mahsulotlarni yetkazib bermaslik, sifatsiz mahsulotlarni yetkazish va shu kabilar natijasida yetkaziladigan zararlar qoplab beriladi.

Tadbirkorlar talab va ehtiyojlaridan kelib ishlab chiqilgan yana bir “Muzlatgich kamerada saqlanayotgan mol-mulkni sug'urtalash” sug'urta mahsuloti qishloq xo'jaligi mahsulotlari muzlatgich kameralarida saqlanish davrida ularga zarar yetishi oqibatida mulkdorlarga yetkazilgan zararning qoplab berilishini ko'zda tutadi.

Shuningdek, tadbirda ma'lumot berildiki, «O'zbekinvest» kompaniyasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari hamda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi sug'urta bo'linmalarini ochish va respublika hududlarida faoliyat geografiyasini kengaytirish borasida doimiy ish olib bormoqda.

Xususan, joriy yilning o'tgan 9 oyi davomida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari bilan 8000 ga yaqin sug'urta shartnomalari tuzilib, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2,5 barobarga ko'pdir. Shuningdek, 11 ta yangi sug'urta bo'limlari ochilgan va 12 ta sug'urta mahsulotlari ishlab chiqilgan. Ayni paytda Kompaniya 14 ta hududiy filiallar va 146 ta bo'linmalari orqali butun respublika bo'ylab o'z xizmatlarini taqdim etib kelmoqda.

Shuningdek, «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtalash», «Baxtsiz hodisalardan sug'urtalash», «Tibbiy sug'urta», «Mol-mulk sug'urtasi» kabi 10 turdagi sug'urta mahsulotlari bo'yicha onlayn rejimida ya'ni Internet orqali sug'urta polisini olish imkoniyati yaratilgan.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati