You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi hududlarda seminarlar tashkil etmoqda

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi sug'urta mahsulotlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari va aholiga ko'rsatilyotgan sug'urta xizmatlari to'g'risida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida hududlarda tashkil etilyotgan turkum seminarlarning navbatdagisi 2016-yilning 7 dekabr kuni Samarqand viloyatida o'tkazildi. Unda Kompaniya mijozlari, tadbirkorlik sub'ektlari, xususan eksportyor va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi korxonalar vakillari ishtirok etishdi.

Ta'kidlash kerakki, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlanitirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada sug'urta himoyasi muhim ahamiyatga ega. Shu jihat e'tiborga olinib, o'tgan davr mobaynida «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan soha vakillari bo'lgan tadbirkorlar, hunarmandlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, fermerlar faoliyati va ularning mulkiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator sug'urta mahsulotlari ishlab chiqilgan.

Ayni paytda kompaniya ushbu yo'nalishdagi faoliyatini yanada takomillashtirib, tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulaylik yaratish maqsada, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qarori asosida tadbirkorlarga sug'urta himoyasini taqdim etish borasida yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqdi.

Shulardan biri qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarining o'z mahsulotlarini xaridorga yetkazishdagi qaltisliklarini sug'urtalash maqsadida «Meva-sabzavot, qishloq ho'jaligi mahsulotlarini tashishni sug'urtalash» sug'urta mahsuloti hisoblanadi. Meva-sabzavot, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, sotish bilan shug'ullanuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs o'z mahsulotlarini himoya qilishda ushbu yangi sug'urta xizmatidan foydalanishi mumkin. Ushbu sug'urta mahsuloti bo'yicha shartnoma tuzuvchilar tabiiy ofatlar, yuk tashish vositasining yo'l-transport hodisasiga uchrashi oqibatida, yuklarni ortish va tushirish vaqtida yetkazilgan zararlarning qoplab berilish ko'zda tutilgan.

«Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning tadbirkorlik qaltisliklarini sug'urtalash» sug'urta mahsuloti qishloq xo'jaligi sohasida va ushbu sohada faoliyat yurituvchi yuridik shaxs yoki yakka tadbirkorning mulkiy manfaatlarini himoya qiladi. Bunda sug'urtalanuvchiga uning hamkori o'z majburiyatlarini bajarmasligi, ya'ni to'lovni amalga oshirmaslik, mahsulotlarni etkazib bermaslik, sifatsiz mahsulotlarni etkazish va shu kabilar natijasida yetkaziladigan zararlar qoplab beriladi.

Tadbirkorlar talab va ehtiyojlaridan kelib ishlab chiqilgan yana bir «Muzlatgich kamerada saqlanayotgan mol-mulkni sug'urtalash» sug'urta mahsuloti qishloq xo'jaligi mahsulotlari muzlatgich kameralarida saqlanish davrida ularga zarar yetishi oqibatida mulkdorlarga yetkazilgan zararning qoplab berilishini ko'zda tutadi.

Yangi sug'urta mahsulotlaridan yana biri – «Avtotashuvchilarning kasbiy javobgarligini sug'urtalash» qishloq xo'jaligi mahsulotlarini tashish bilan shug'ullanuvchi yuridik shaxslarga sug'urta himoyasini taqdim etib, avtotransportda Yuklarni xalqaro yo'llarda tashish shartnomasi to'g'risidagi Konvensiya (YTK) da belgilangan sharoitlarda sug'urtalanuvchining mulkiy mafaatlariga yetkazilgan zararni qoplab berish nazarda tutadi.

Shuningdek, seminarda Kompaniya tomonidan ko'rsatilyotgan xizmatlar, boshqa sug'urta mahsulotlari, sug'urtaning tadbirkorlik faoliyati va odamlar hayotidagi o'rni va ahamiyati, uning majburiy va ixtiyoriy turlari, sug'urta shartnomasi va uning shartlari, sug'urta hodisasi yuz berganda zararni qoplab berish tartibi kabi masalalar haqida ishtirokchilarga ma'lumot berildi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati