You are here

“O'zbekinvest” kompaniyasida majburiy tibbiy sug'urta muhokamasiga bag'ishlangan seminar tashkil etildi

Mamlakatimizda tibbiyot sohasini isloh qilish, aholini jahon talablariga javob beradigan tibbiy xizmat va sifatli dori vositalaridan foydalanishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, yaqinda qabul qilingan “Sog'liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori bu boradagi muhim huquqiy qadamlardan biri hisoblanadi.

Mazkur qarorda tibbiy sug'urta sohasidagi o'zaro munosabatlarni tartibga solish, ixtiyoriy va majburiy tibbiy sug'urtaning huquqiy asoslarini belgilash, sug'urta polislari bo'yicha kafolatli yuqori sifatli tibbiy xizmatlar ko'rsatish, fuqarolar uchun tibbiy sug'urta tizimida ishtirok etishda rag'batlantiruvchi imtiyoz va preferensiyalar yaratish va boshqa masalalarga qaratilgan "Tibbiy sug'urta to'g'risida"gi qonun loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish ham ko'zda tutilgan.

2017-yilning 14-aprel kuni “O'zbekinvest Assistans” servis agentligida "Tibbiy sug'urta to'g'risida"gi qonun loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilishi jarayonida faol ishtirok etish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi “Sug'urta ishi” mutaxassisligi tinglovchilari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Erkin muloqot shaklida o'tgan seminar davomida mamlakatimizdagi tibbiy sug'urta sohasidagi mavjud amaliyot, mazkur yo'nalishdagi sug'urta tashkilotlari, xususan, assistans agentliklari tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar, AQSH, Germaniya, Kanada, Rossiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy davlatlarning tajribasi, shuningdek, mazkur huquqiy hujjat amalga tatbiq etilgach, kutilyotgan ijobiy natijalar hamda uni joriy etish jarayonida duch kelishi mumkin bo'lgan muammolar kabi masalalar muhokama etildi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati