You are here

Dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer uchastkalari egalari uchun sug'urta xizmati

Mamlakatimizda qishloq xo'jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qishloq xo'jaligi va chorvachilik mahsulotlari hajmi oshib bormoqda. Bu o'z navbatida bir tomondan qishloq aholisining ish bilan ta'minlanishiga, ikkinchi tomondan ichki bozorda qishloq xo'jaligi mahsulotlarning arzonlashuviga xizmat qilmoqda.

Dehqon xo'jaliklari va aholi tomorqasi uchun ajratilgan yer maydonlaridan yanada samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va ularni eksport qilish hajmlarini keskin oshirish, aholi bandligini ta'minlash va daromadlarini ko'paytirish maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining «Dehqon xo'jaliklari va aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, suvga chidamli, eksportbop daraxt plantatsiyalarini rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori ushbu sohani yanada rivojlantirish uchun navbatdagi qadam bo'ldi.

Ushbu qarorga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, O'zbekiston sug'urta bozori professional ishtirokchilari uyushmasi, sug'urta tashkilotlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari uchun 2017-2019 yillarda qator chora-tadbirlarning amalga oshirilishi belgilab berilgan.

Qaror ijrosini ta'minlash maqsadida «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi O'zbekiston sug'urta bozori professional ishtirokchilari uyushmasi hamkorligida dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer uchastkalari egalariga ajratiladigan kreditlarning qaytmaslik xavfini sug'urta qilish bo'yicha o'z xizmatlarini taklif etib kelmoqda, ya'ni bu borada kompaniyada «Kreditni sug'urtalash» sug'urta shartnomasi namunasi ishlab chiqildi.

Mazkur sug'urta xizmati turi bo'yicha dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer uchastkalari egalariga tijorat banklari tomonidan berilayotgan kreditlar garov ta'minoti yoki kafillik mavjud bo'lmaganda «O'zbekinvest» kompaniyasi ajratilayotgan kredit summasining 80 foizidan oshmagan miqdoriga sug'urtalashni amalga oshiradi.

Sug'urta qildiruvchiga kredit shartnomasida ko'rsatilgan shartlar va muddatlarda kredit oluvchi kreditni qaytarish to'lovlarini o'z vaqtida to'lamasligi bo'yicha majburiyatlarini bajarilmasligi yuzasidan to'lovlar uzoq muddatli to'lanmasligi natijasida yetkazilgan zarar, ya'ni sug'urta summasi doirasida sug'urta qoplamasi to'lab beriladi.

Ushbu sug'urta turi bo'yicha bir qator sug'urta kompaniyalari o'rtasida sug'urta sherikchiligi tashkil etildi. Ushbu sug'urta sherikchiligiga muvofiq dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer uchastkalari egalariga zarar yetganda ular tomonidan tegishli hujjatlar lider bo'lgan sug'urta tashkiloti (sug'urta shartnomasini tuzgan)ga taqdim etiladi. Sug'urta hodisasi tan olingandan so'ng 5 besh kalendar kuni ichida Sug'urtalovchi tomonidan sug'urta tovoni miqdori ko'rsatilgan sug'urta hodisasi to'g'risida dalolatnoma tuziladi va sug'urta sherikchiligi bo'yicha uning a'zolariga sug'urta qoplamasini to'lash bo'yicha axborot beriladi. Sug'urta qoplamasi sug'urta hodisasi to'g'risidagi dalolatnoma tuzilgandan so'ng 10 kun ichida zarar ko'rgan tijorat bankiga (Sug'urtalovchiga) to'lab beriladi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati