You are here

“O'zbekinvest” kompaniyasida anderrayterlar uchun seminar-trening tashkil etildi

"O'zbekinvest" eksport-import milliy sug'urta kompaniyasida "Sug'urta tashkilotlari anderrayteri" mavzusida bir haftalik seminar trening tashkil etildi.
Hududiy filiallar bo'limlari anderrayterlari malakasini oshirish va pirovard natijada aholiga sug'urta xizmatlarini sifatli va tezkor taqdim etish maqsadida o'tkazilgan ushbu tadbirda "O'zbekinvest" kompaniyasining hududlardagi bevosita mijozlar bilan ishlovchi xodimlari ishtirok etishdi.
Ta'kidlash kerakki, sug'urta sohasida anderrayterlar muhim rol o'ynaydi va u barcha turdagi qaltisliklarni tahlil qilish, sug'urtalashga qabul qilish yoki rad etishga, shuningdek, tanlab olingan qaltisliklarni ular bo'yicha optimal sug'urta mukofoti olish uchun tasniflash vakolati berilgan shaxs hisoblanadi. U tegishli qaltislik darajasini, mukofotlar stavkalarini va sug'urtalash shartlarini belgilash uchun zarur bilimlarga va tajribaga ega bo'lishi lozim.
Tadbirda "O'zbekinvest" kompaniyasi tizimida sug'urta xizmatlarini tashkil etishda e'tibor qaratish lozim bo'lgan jihatlar to'g'risida ma'lumot berildi. Xususan, sug'urta tarixi va O'zbekiston Respublikasi sug'urta bozorining bugungi holati, sug'urtaning asosiy atamalari tushunchalari, sug'urta ishini yuritish, sug'urta faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlar haqida batafsil ma'ruzalar tinglandi.
Shuningdek seminar-trening ishtirokchilarining shaxsiy sug'urta, mulk sug'urtasi, javobgarlik sug'urtasi, sug'urtaning majburiy turlari, yangi sug'urta mahsulotlari, sug'urta shartnomasini rasmiylashtirish tartibi, mijozlar bilan ishlash etikasi va psixologiyasi kabi masalalarda malakasi oshirildi.
Kompaniyada xodimlar malakasini oshirish tizimi yo'lga qo'yilgan bo'lib, yil yakuniga qadar bu kabi bir nechta turkum seminar-treninglarni tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday tadbirlarning muntazam tashkil etilishi kompaniya tomonidan taqdim etilayotgan sug'urta xizmatlari sifatini yanada yaxshilashga, mijozlar ishonchini oqlashga xizmat qiladi.

"O'zbekinvest" EIMSK Axborot xizmati