You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan 2017-yilning I yarmida 8,86 mlrd. so'm sug'urta tovoni to'lab berildi

Sug'urta kompaniyalari uchun sug'urta hodisasi yuz berganda mijozlarning da'volarini imkon qadar tez ko'rib chiqib, sug'urta badallarini o'z vaqtida to'lab berishi ularning nufuzini belgilab beruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi bu borada ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlari sifatini oshirish, mijozlar talab va ehtiyojlarini puxta o'rganishga qaratilgan sa'y-harakatlari bilan birga sug'urta badallari to'lovini o'z vaqtida amalga oshirib kelmoqda. Sug'urta shartnomalari bo'yicha o'z mijozlari oldida qabul qilingan majburiyatlarni vaqtida bajarish Kompaniyaning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Agar raqamlarga murojaat qilsak, 2017-yilning I yarmida jami 5281 ta sug'urta da'volari ko'rib chiqilib, 8,86 mlrd. so'm sug'urta badallari to'lab berilgan. Shundan 6,20 mlrd. so'mi yuridik shaxslarga to'lab berilgan bo'lsa, 2,66 mlrd. so'mi jismoniy shaxslar ulushiga to'g'ri keladi.

Shunday qilib, hisobot davrida har oyda o'rtacha 880 ta sug'urta da'volari ko'rib chiqilgan bo'lib, asosan ipoteka sug'urtasi, transport vositalarini ixtiyoriy sug'urtasi, mol-mulk sug'urtasi, ixtiyoriy tibbiy sug'urta, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish shartnomalari bo'yicha sug'urta badallari to'lab berilgan.

Joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan sug'urta qoplamalarining 54,4 foizi yoki 4,82 mlrd. so'mi majburiy sug'urta turlariga, 45,6 foizi yoki 4,04 mlrd. so'mi esa ixtiyoriy sug'urta turlariga to'g'ri keladi.

Ta'kidlash joizki, «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan aholi bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida Ishonch telefonlari, tunu kun ishlovchi dispetcherlik xizmati faoliyati yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, mijozlarga sug'urta masalalari yuzasidan, jumladan sug'urta shartnomalari tuzishda va sug'urta hodisalari bo'yicha zarur hujjatlarni jamlashda doimiy ko'mak beruvchi axborot-maslahat guruhlari tashkil etilgan bo'lib, ushbu axborot-maslahat guruhlari kompaniyaning Markaziy apparati va hududiy filiallarida o'z faoliyatini yuritmoqda.

Axborot-maslahat guruhlari tomonidan sug'urta da'volarini ko'rib chiqish qoidalari, sug'urta tovonini to'lash tartiblari yuzasidan tushuntirishlar berilishi va talab etiladigan hujjatlarni jamlashda hamda ularni tezkorlik bilan ko'rib chiqilishiga ko'maklashilayotgani Kompaniyaning mijozlar ishonchini qozonishiga xizmat qilmoqda.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati