You are here

“O'zbekinvest” kompaniyasi aholi mol-mulki va haydovchi himoyasi uchun yangi sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqdi

“O'zbekinvest” eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri mijozlar manfaatiga mos keladigan sifatli sug'urta xizmatlarini taqdim etishdan iborat. Mijozlar talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, yangi sug'urta mahsulotlari doimiy ishlab chiqilmoqda.

Mamlakatimizda transport vositalaridan foydalanayotgan hamyurtlarimiz soni kundan-kunga ortib bormoqda. Yo'llarda avtomobillar oqimining ko'payishi aholiga qator qulayliklar yaratishi bilan bir qatorda, transport vositalariga yoki haydovchi va yo'lovchilar sog'lig'i va hayotiga zarar yetish xavfini ham oshirishi hech kimga sir emas. Kutilmagan baxtsiz hodisa oqibatida haydovchining hayoti va sog'ilig'iga yetadigan zararni qoplab berish maqsadida “O'zbekinvest” kompaniyasi yangi “Haydovchi himoyasi” sug'urta mahsulotini ishlab chiqdi.

Ushbu yangi sug'urta mahsuloti yong'in, portlash, yashin urishi, elektr toki, bug', gaz, kimyoviy moddalar ta'siri, sovuq urishi, cho'kish, uchinchi shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari, hayvonlar hujumi hamda sug'urta shartnomasida ko'zda tutilgan boshqa holatlar oqibatida haydovchining sog'lig'iga zarar yetganda ushbu zararlar qoplab berilishini ko'zda tutadi.

Yana bir yangi «Mening uyim – mening Vatanim» sug'urta mahsuloti aholi mol-mulkiga sug'urta himoyasini taqdim etishga qaratilgan. Xususan, tabiat hodisalari, ya'ni bo'ron, dovul, jala, do'l, ko'p qor yog'ishi, ko'chki, sel, yashin urishi, zilzila, yong'in, portlash, shuningdek, uchinchi shaxslarning noqonuniy harakatlari natijasida, transport vositalarining to'qnashuvi, uchuvchi vositalarining qulashi, suv ta'minoti, kanalizatsiya tizimlarining avariya bo'lishi kabi holatlar oqibatida mol-mulkka va uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplab berish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ushbu sug'urta mahsulotlari bo'yicha sug'urta shartnomasi bir yil muddatga tuziladi. Sug'urta hodisasi yuz bergan taqdirda tegishli hujjatlar taqdim etilgan paytdan boshlab o'n besh kun ichida sug'urta qoplamasi to'lovi amalga oshiriladi.

Shuni ta'kilash kerakki, joriy yilning 9 oyida kompaniya tomonidan aholi sog'lig'i, hayoti hamda yuridik shaxslar mulkiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 5 ta yangi sug'urta mahsulotlari ishlab chiqilgan. Mijozlar talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda namunaviy sug'urta shartnomalari shartlariga 37 ta o'zgartirishlar kiritilib, shartlar soddalashtirildi hamda 93 ta sug'urta shartnoma modernizatsiya qilindi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati