You are here

O'zbekiston Respublikasida aviatsiya sug'urtasi yangi sug'urta turi hisoblanadi

Ma'lumki havo transporti dunyo transport tizimida alohida muhim o'rinni egallaydi. Yuklar va yo'lovchilarni tashishda yuqori tezlikga, shuningdek transport infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan hududlarga, uzoq bo'lmagan muddatga yetkazib berish imkoniyatiga hamda yuqori servis xizmatiga ega ekanligi, havo transportining ustunlik tarafini belgilab beradi.

Aytish joizki, aviatsiya sug'urtasi yetarli darajada yosh sug'urta turi hisoblanadi. Ushbu sug'urta turining paydo bo'lishiga Havo kemalarining qiymati judayam qimmatligi, ulardan foydalanishda har xil xavflarning mavjud ekanligi, deb hisoblasa bo'ladi.

O'zbekiston Respublikasida avitsiya sug'urtasi yangi sug'urta turi bo'lishi bilan birga foydali sug'urta turi deb hisoblash mumkin. Aviatsiya sug'urtasi sohasida o'tkazilayotgan xalqaro konferensiyalar va seminarlar uning ishtirokchilariga aviatsiya sug'urtasi bilan shug'ullanuvchi xorijiy sug'urta va qayta sug'urta kompaniyalari, brokerlar, shuningdek yuridik firmalarning amalda mavjud bo'lgan muammolarini o'rganish, ular tajribasidan keng foydalanish imkonini beradi. Aynan shu maqsadda, “O'zbekinvest” kompaniyasi xodimlari ham “United Insurance Brockers” kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan seminarda ishtirok etdi.

 “O'zbekinvest” EIMSK bosh menedjeri Xalbayev Adxamjon “UzReport AA” muhbiriga bergan intervyusida shunday dedi:

– Ushbu seminarda “United Insurance Brockers” kompaniya vakillari bilan birgalikda Angliyaning “Lloyd” korporatsiyasi vakillari, “Mak Laren” adjasterlik kompaniyasi, “Global Airspace” kompaniyalari va “Klayd & Co.” yuridik firmalari vakillari o'zlarining aviatsiya sug'urtasi sohasidagi tajribalarini taqdim etishdi. Ushbu seminarda olingan bilim va tajribalar O'zbekiston sug'urta bozorida qo'llash judayam katta samara berishi aniq. Ta'kidlash joizki, O'zbekiston sug'urtalovchilarining aviatsiya sug'urtasini qayta sug'urtalashda tajribalari unchalik ham yuqori darajada emas. Ko'pchilik hollarda aviatsiya sug'urtasi g'arb davlatlari sug'urta bozorlarida qayta sug'urtaga beriladi. Shuning uchun, O'zbekistonda ishonchli qayta sug'urtalash tizimini ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Bu esa o'z navbatida zarur bo'lgan sug'urta resurslarini to'plashga yordam beradi. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 918-moddasiga binoan, boshqa shaxslarning hayoti, sog'lig'i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi  oqibatida yuzaga  keladigan  majburiyatlar  yuzasidan  javobgarlik xavfini sug'urta qilish shartnomasi bo'yicha sug'urta qildiruvchining o'zining yoki bunday javobgarlik yuklanishi mumkin bo'lgan boshqa shaxsning javobgarlik xavfi sug'urtalanishi mumkin.

Xususan, havo kemalari barcha xavflardan sug'urta himoyasiga olinishi mumkin. Sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urtalovchi sug'urta shartnomasi amalda bo'lgan davrda yetkazilgan zararni to'lab berishi yoki yetkazilgan zararni kamaytirishi mumkin.

Havo kemasiga to'liq zarar yetgan hollarda sug'urta koplamasi sug'urta shartnomasida ko'rsatilgan sug'urta summasi miqdorida to'lab berilishi lozim. Havo kemasi barcha xavflardan sug'urta qilingan hollarda, unga yetkazilgan har qanday zararlar qoplab beriladi.

Shuni ta'kidlash lozimki, havo kemasini tabiiy yemirilishi, uning aloxida qismlarining mexanik buzilishi, sug'urtalovchi tomonidan qoplab berilmaydi.

Sug'urta summasi sug'urta shartnomasi tuzilayotgan paytdagi havo kemasining miqdori doirasida belgilanishi mumkin va uning haqiqiy qiymatidan oshib ketishi mumkin emas.