You are here

"O'zbekinvest" EIMSK xodimlari malakasini doimiy oshirib borishga alohida e'tibor qaratib kelmoqda

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi o'zining 20 yillik tarixi davomida mijozlarga qo'lay sharoitlar yaratish maqsadida Respublikamizning barcha hududlarida 14 ta filial va 120 tadan ortiq bo'linmalariga ega bo'ldi. Bundan tashqari, o'tgan davrda kompaniyaning 4 ta ixtisoslashgan sho'ba korxonalari tashkil etildi. Bugungi kunda  Kompaniya rahbariyati tomonidan doimiy ravishda Kompaniyaning rivojlanishida o'z hissalarini qo'shmoqchi bo'lgan va bunda o'zlarining bor imkoniyatlarini safarbar qiluvchi insonlarni Kompaniya tizimida mehnat qilishga jalb qilish bo'yicha tadrijiy ishlar olib borilmoqda.

Kompaniya tizimiga nafaqat chetdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish balki, jamoada faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassislarni lavozimlar pog'onalaridan yanada yuqoriga ko'tarish, shuningdek oliy o'quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari orasidan iqtidorli yoshlarni ishga taklif etish ishlari amalgam oshirilmoqda.

«O'zbekinvest» EIMSK Xodimlar bilan ishlash departamenti bosh menejeri Bahrom Komilov “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:

– Amalga oshirilayotgan ishlarga misol tariqasida Kompaniya tomonidan mutaxassislarga kasb malakalarini oshirib borish bo'yicha muntazam tashkil etiladigan o'quv kurslari, seminarlar, treninglar, masofadan turib o'qitish kurslari va stajirovkalarni keltirish mumkin. Kompaniya xodimlari Respublikamizning eng nufuzli oliy o'quv yurtlarida o'z bilimlarini oshirib borish imkoniyatiga egadirlar. Mana 20 yildirki, kompaniya xodimlarining malakasini doimiy oshirib borish, sugurta sohasida mutaxassislarni tayyorlashga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Agar shu yo'nalishda oxirgi 10 yilda amlaga oshirilgan ishlar tahliliga qarasak, kompaniya xodimlari jami 2300 ta turli o'quv kurslarida ishtirok etib, o'z malakalarini oshirganlar, shundan 180 tasi chet el davlatlaridadir. Kompaniyaning 18 xodimi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi akademiyani, 53 nafari Bank-moliya akademiyasini tugatgan. 19 ta xodim turli xil oliy o'quv yurtlarini tamomlagan va hozirgi kunda o'qiyotgan xodimlar mavjud. Yana shuni mamnuniyat bilan ta'kildlash lozimki, hozirgi kunda milliy sug'urta bozorimizda faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning 85 foiz rahbar lavozimlarida turli yillarda O'zbekinvest kompaniyasida ishlab, tajriba orttirib, faoliyat olib borgan xodimlar tashkil etadi.

Respublikamiz sug'urta bozori hozirda rivojlanish, islohotlar davrida turibdi. Hukumatimiz tomonidan mazkur sohani yanada rivojlantirish maqsadida yaratilayotgan imkoniyatlar, ko'rsatilayotgan sug'urta xizmatlarini jahon andozalari darajasiga yetkazilishini talab etadiki, bu o'z navbatida Kompaniyaga tajribali, bilimli mutaxassislarni yetkazib berish va ularning kasb malakalarini tizimli ravishda oshirib borish ishlarini yanada jadallashtirishni taqozo etadi.