You are here

"O'zbekinvest" eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi o'z xodimlarining malakasini oshirmoqda

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi o'z xodimlarining kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsion texnologiyalar sohasidagi malakasini oshirish bo'yicha muntazam ish olib boradi.

Shu maqsadda kompaniyaning Toshkent shahri va respublikamiz hududlaridagi bo'linmalari xodimlari Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda O'zbekiston Respublikasi Bank – moliya akademiyasi qoshidagi o'quv markazlariga jo'natildi. Bu yerda ular shartnoma asosida 36 soatlik o'quv dasturlari bo'yicha kompyuter savodxonligi kurslarida tahsil olishdi. O'qish tugagach, test sinovlaridan o'tgan xodimlarga sertifikatlar topshirildi.

2012 yildan 2015 yilning 31 martiga qadar kompyuter savodxonligi kurslarida kompaniyaning 280 nafar xodimi o'qitildi. Attestatsiyadan muvaffaqiyatli o'tgan 252 nafar xodimga elektron sertifikatlar topshirildi. «O'zbekinvest» kompaniyasi xodimlarining kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsion texnologiyalar sohasidagi malakasini oshirish jarayoni davom etmoqda.

Ta'kidlash joizki, xodimlarni o'qitish va attestatsiyadan o'tkazish Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xo’jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimyati organlari xodimlarining malakasi va ko’nikmalarini oshirishga doir qo’shimcha chora–tadbirlar hamda ularni ishda kompyuter texnikasi va axborot–kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish yuzasidan attestatsiyadan o’tkazish tartibi” qarori ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

 

“O’zbеkinvеst” EIMSK Axborot xizmati