You are here

"O'ZBEKINVEST HAYOT" SK yuqumli kasalliklardan sug'urtalash sug'urta mahsulotlarini taklif etmoqda

Bugungi kunda aksariyat sug'urtalanuvchilar o'z xodimlari va oilalarini sug'urta qilish kerakligi haqida qayg'urishmoqda. Lekin, afsuski, hamma ham sug'urta polisini xarid qilayotganda birato'la bir necha turdagi qaltisliklardan himoya qiluvchi kompleks dasturni rasmiylashtirish mumkinligini bilishmaydi. Ayniqsa, bu kasalliklardan sug'urta qilishga taalluqli. Hozirgi paytda mahalliy sug'urtalovchilar salomatlik bilan bog'liq muammolar yuzaga kelganda tovon puli to'lashni nazarda tutuvchi bir qator sug'urta mahsulotlarini taklif qilishmoqda. Ulardan biri «O‘ZBEKINVEST HAYOT» sug'urta kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan yuqumli kasalliklardan sug'urtalashdir. 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, yurtimizda yuqumli kasalliklardan davolanish bepuldir. Kasallikka chalingan bemor maxsus tibbiyot muassasasiga yotqizilib, zarur davolash kursidan o'tadi. Shunday ekan savol tug'iladi: yuqumli kasalliklardan sug'urtalashning nima keragi bor? «O’zbekinvest Hayot» SK shaxsiy sug'urtalashni rivojlantirish Departamenti menejeri  Aziz Zuparov “UzReport” AA muxbiriga bergan intervyusida shunday dedi:

– Yuqumli kasalliklardan sug'urta qilish shartnomasida bir qator kasalliklar ro'yxati ko'zda tutilgan bo'lib, ular sug'urtalangan shaxs bilan sodir bo'lsa sug'urta hodisasi deb hisoblanadi. Ushbu sug'urta turining o'ziga xos jihati shundaki, unda vaqt franshizasi mavjud bo'lib kutish davri deb hisoblanadi. Yuqumli kasalliklarda infeksiya turi va bemor organizmining xususiyatlariga qarab inkubatsion davr bir necha soatdan bir necha oygacha davom etishi mumkin, shuning uchun sug'urta shartnomasida o'rtacha kutish davri 30 kun deb belgilangan. Bu vaqtda sug'urta himoyasi amal qilmaydi va sug'urtalovchining sug'urta qoplamasi to'lash bo'yicha majburiyat olib bormaydi. Biroq, kutish davri tugagach, sug'urta himoyasi keyingi 12 oy mobaynida amal qiladi .Agar sug'urtalovchi tomonidan qisqaroq muddat ko'rsatilmagan bo'lsa. Agar sug'urtalangan shaxs sug'urta shartnomasida ko'rsatilgan infeksiya turi bilan kasallansa, kasalxonadan chiqqanidan so'ng sug'urtalovchiga tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim bo'ladi, odatda, bu kasallik tarixidan ko'chirma bo'lib, unda aniq tashhis va davolash kursi o'tilganligi ko'rsatiladi, va unga shartnomada belgilangan sug'urta summasidan foiz ko'rinishidagi pul to'lovi to'lab beriladi.

Shaxsiy sug'urtalashni rivojlantirish Departamenti menejeri takidlaganidek ushbu mablag'lar sug'urtalangan shaxsga kasallikdan keyingi sog'lig'ini tiklashda moliyaviy ko'mak hisoblanib, bular odatda maxsus ovqatlanish tartibi va parhezdan tashqari dori-darmon va sog'lomlashtiruvchi jismoniy tarbiya kabilarni o'z ichiga oladi. Chunki yuqumli kasalliklar organizmga sezilarli zarar yetkazadi, shu tufayli sug'urta qoplamasi o'z vaqtidagi kerakli yordam bo'la oladi.

Ta'kidlash joizki, ushbu sug'urta mahsulotini  ham xo'jalik yurituvchi subyekt, ham jismoniy shaxs xarid qilishi mumkin. Bu ayniqsa faoliyati yuqumli kasalliklarga chalinish havfi katta bo'lgan chorvachilik, parrandachilik, oziq-ovqat sanoati va ayrim xizmat ko'rsatish korxonalari, barcha turdagi o'quv muassasalari  uchun muhim ahamiyatga ega. Jismoniy shaxslar uchun esa ushbu sug'urta turi bog'chaga boruvchi bolalar, maktab, kollej va litsey o'quvchilari, institut talabalari, turli seksiyalar va to'garaklarning a'zolari uchun foydali bo'ladi.  

Turli faktorlarga qarab sug'urta shartnomasi tuzilayotgan vaqtda ko'payuvchi yoki kamayuvchi koeffitsentlar qo'llanilishi mumkin. Bunda har bir sug'urtalovchi sug'urta miqdorini o'z imkoniyatidan kelib chiqqan holda belgilaydi.  Masalan, «O‘ZBEKINVEST HAYOT» kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan yoshiga qarab turlicha sug'urta summasiga ega bo'luvchi ushbu sug'urta turida sug'urta himoyasining narxi qancha bo'lishini ko'rib chiqaylik. To'lov miqdori haqida so'z ketganda aytish joizki, masalan, mijoz gepatit A bilan kasallansa, sug'urta miqdori 5 mln so'mga teng bo'lsa, sug'urta qoplamasi 1,5 mln so'mni tashkil etadi. Agarda mijoz tepki bilan xastalansa – sug'urta summasi 5 mln bo'lgan taqdirda 2,5 mln sug'urta qoplamasi to'lanadi.

Ko'rinib turibdiki, sug'urta qoplamasining miqdori sug'urta summasiga bevosita bog'liq. O'z navbatida qoplama va sug'urta mukofoti hajmining mutanosibligi sug'urta himoyasi foydasiga to'g'ri kelmoqda. Shunday ekan, “Sug'urta qilish kerakmikin?” deya savol berilganda  xayot tasodiflarga to'la ekanligigi hamda ulardan sug'urtalash orqali himoyalanish mumkinligini yodda tutmoq zarur.

 “UzReport” axborot agentligi