You are here

"Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari belgilab olindi

«Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi Uzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilishning to'laqonli faoliyat ko'rsatishini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilab oldi. Unga ko'ra, tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish shartnomasi bo'yicha sug'urta puli bitta yo'lovchiga 11 ming AQSH dollari ekvivalentiga teng miqdorda belgilanishi qayd etilgan.

 Ulardan 10 ming AQSH dollari — yo'lovchining hayoti yoki sog'lig'iga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash uchun, 1 ming AQSH dollari — yo'lovchining mol-mulkiga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash uchun belgilangan.

Xujjatda tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish tartibini belgilovchi bir qator qoidalar o'rin olgan. Xususan,  tashuvchi / yo'lovchilarning hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun o'z fuqarolik javobgarligini tashish bo'yicha xizmatlar ko'rsatish boshlangunga qadar «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi Uzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan shartlar asosida va tartibda sug'urtalashi shart.

Agar tashuvchilarning fuqarolik javobgarligi Uzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari talablariga muvofiq tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish yuzasidan belgilangan sug'urta pulidan kam bo'lmagan miqdorda sug'urtalangan bo'lsa, ularga nisbatan tashuvchining o'z fuqarolik javobgarligini sug'urta qilish majburiyati tatbiq etilmaydi.

Bunda tashuvchining yo'lovchilar hayoti, sog'lig'i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash bo'yicha fuqarolik javobgarligi yuzaga kelgan chog'dagi mulkiy manfaatlari tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish ob'ekti hisoblanadi.

Tashuvchi, sug'urtalovchi, yo'lovchi, jabrlanuvchi va naf oluvchi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish sub'ektlari hisoblanadi.

Qarorda shuningdek, tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish shartnomasini tuzish, o'zgartirish va uning amal qilishini muddatidan oldin to'xtatish tartibi ham ko'rsatib o'tilgan.

Bundan tashqari xujjatda, sug'urta puli, sug'urta mukofoti va sug'urta mukofotini to'lash tartibi,  tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish sub'ektlarining huquq va majburiyatlari, sug'urta hodisasi sodir bo'lganda shaxslarning harakatlari, yo'lovchining hayotiga, sog'lig'iga va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash, sug'urta tovonini to'lash tartibi, sug'urtalovchining regress talabi qo'yish huquqi, tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish bo'yicha sug'urta sherikchiligiga oid qoidalar belgilab qo'yilgan.

“UzReport” axborot agentligi