You are here

Sug‘urta xizmatlari bozori rivojlanmoqda

Mamlakatimizda inson manfaatlarini muhofaza qilish, xususan, fuqarolarning hayoti, salomatligi va mol-mulkini sug‘urta qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2007-yil 10-aprelda qabul qilingan “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aholiga ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari ko‘lami va sifatini yanada kengaytirdi.

Bugun yurtimizda ushbu xizmatlarning zamonaviy turlari jadal rivojlanmoqda. Sug‘urta tashkilotlari kapitallashuv darajasining oshirilishi natijasida ularning moliyaviy barqarorligi ta’minlanayotir.

“O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi ana shunday barqaror xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlardan biridir. Kompaniya yaqinda O‘zbekiston moliya bozorida eng yuqori xalqaro reytingga ega bo‘ldi. “Moody’s Investors Service Ltd.” xalqaro reyting agentligi “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasining xalqaro moliyaviy barqarorlik reytingini “barqaror” prognozi bilan B1 dan Ba3 ga ko‘tardi.

Kompaniya matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, bunda sug‘urta mukofotlarini yig‘ish, o‘z faoliyatini diversifikatsiyalash bo‘yicha barqaror o‘sish ko‘rsatkichlari, shuningdek, sug‘urta portfeli kapitalizatsiyasining yuqori darajasi, kompaniya ulushida davlatning ishtiroki kabi omillar hisobga olingan. Bunday nufuzli xalqaro reytingning qo‘lga kiritilishi kompaniyaning ochiqligi va qayta sug‘urtalash bo‘yicha xalqaro bozordagi faoliyatini kengaytirishga intilishining yorqin isbotidir.

Bugungi kunda kompaniya tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi sug‘urta bo‘linmalarini ochish va faoliyati geografiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2015-yilda yettita sug‘urta bo‘limi ochilib, hududiy bo‘linmalar soni 145 taga yetdi. Ular orqali 49,2 milliard so‘m sug‘urta mukofotlari yig‘ilib, qariyb 10 milliard so‘m sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi. Investitsiya dasturiga kiritilgan 67 loyihaga umumiy qiymati 15,17 trillion so‘m sug‘urta himoyasi taqdim etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foiz ko‘pdir.

Mamlakatimizda ishlab chiqarishni rivojlantirish, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish choralari ko‘rilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bozoriga chiqishida sug‘urta xizmatining ham o‘z o‘rni bor. Joriy yilda “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi mahalliy eksportchilar mulkiy manfaatlarini kompleks sug‘urta qilish maqsadida ularga 131,6 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatdi.

Majburiy sug‘urta turlari borasida ham keng ko‘lamli yumushlar bajarilayotir. “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi va “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar shular jumlasidandir. Mazkur majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha yig‘ilgan sug‘urta mukofotlari 6,1 milliard so‘mni, to‘langan sug‘urta qoplamalari 2,3 milliard so‘mni tashkil etdi.

Joriy yil noyabr oyidan «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta’minlashga kirishildi. Shu yil 26-mayda qabul qilingan mazkur qonunga asosan tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish sohasidagi munosabatlar yanada oydinlashtirildi. Unga ko‘ra, mamlakatimiz hududida barcha turdagi transport vositalarida tashish chog‘ida yo‘lovchilarga yetkazilgan zarar qoplanishi kafolatlanadi.

Kompaniyada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng tatbiq etilgan. Ulardan biri sug‘urta xizmati to‘lovining elektron usulidir. Bunda mijoz “Baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash”, “Ixtiyoriy tibbiy sug‘urta”, “Ixtiyoriy mulk sug‘urtasi” kabi 10 turdagi sug‘urta mahsulotlarini internet orqali elektron to‘lov tizimi yordamida xarid qilishi mumkin. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishda yanada qulaylik yaratilib, “SMS xabardor etish” xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bunday xabar mijozning mobil telefoniga sug‘urta shartnomasining muddati tugashiga 5 kun qolganda yuboriladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, hozir nafaqat tabiiy ofat yoki kasalliklar, balki tijoratdagi xavf-xatarlar ham sug‘urta idoralarining madadi bilan hal etilmoqda. Zero, sug‘urta xizmatida ikki tomonlama munosabatlar kengayishi bozor iqtisodiyotining asosiy talablaridan biridir. Bunday xizmat turi rivojlangan davlatlarning barchasida hayotiy ehtiyojga aylangan. Aksariyat hollarda sug‘urtalanuvchilarning o‘zlari tashabbuskor bo‘lishadi. Ana shunday faollashuv yurtimiz aholisida ham kuzatilmoqda.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA, 09.11.2015