You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasida eksport-import operatsiyalari sug'urtasiga bag'ishlangan seminar tashkil etildi

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan eksport shartnomalari sug'urtasi bo'yicha xizmatlar sifatini oshirish maqsadida «Eksport-import operatsiyalari sug'urtasi» mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Unda Kompaniya markaziy apparati mutaxassislari va hududiy filiallarining eksport shartnomalari sug'urtasi uchun mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda ta'kidlandiki, eksport shartnomalarini sug'urta qilish, shuningdek sarmoya, tovarlar va xizmatlar xalqaro bozorlarida davlatning va milliy eksport qiluvchilarning manfaatlarini siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan himoya qilish mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega va ushb sohani yanada rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bu borada sug'urta himoyasi muhim bo'lib, o'tgan davr mobaynida «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan milliy eksportchilarimizga qator sug'urta xizmatlari taqdim etib kelinmoqda. Xususan, 2016 yilning I choragi davomida Kompaniya tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining eksport shartnomalarini sug'urtalash bo'yicha qabul qilingan majburiyatlar 59,6 mlrd. so'mni tashkil etdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari shaxsiy va mulkiy manfaatlarini sug'urta himoyasi bilan ta'minlash bo'yicha olingan sug'urta majburiyatlari hajmi 340,2 mlrd. so'mni, yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi esa 898,3 mln. so'mni tashkil etdi.

Seminar-trening davomida eksport-import sug'urtasi faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari, eksport-import sug'urtasi, siyosiy va tijoriy qaltisliklar, ularning turlari, eksportchilar bilan muzokaralar olib borish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari eksport shartnomalari sug'urtasi kabi masalalar yuzasidan ishtirokchilar o'z malakalarini oshirdilar.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati