You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi ishonchlilik reytingi «uzA++» darajasida tasdiqlandi

SAIPRO axborot-reyting agentligi 2015 yil yakunlariga ko'ra «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasining «uzA++» (Eng yuqori moliyaviy ko'rsatkich) reytingini tasdiqladi.

Agentlikning ta'kidlashicha, Kompaniyaning 2015 yildagi faoliyati yakunlari bo'yicha ko'rsatkichlari o'tgan yilga nisbatan yaxshilangan. Kompaniya tomonidan yig'ilgan sug'urta mukofotlari hajmi 32 foizga o'sgan. 2015 yilda 12 mlrd. so'm sug'urta badallarini to'lab berilgan. Umuman, «O'zbekinvest» kompaniyasining zarar ko'rish darajasi maqbul darajada va bu uning kompleks bahosiga salbiy ta'sir ko'rsatmaydi.

Kompaniya o'z faoliyatida qayta sug'urtalash vositalaridan keng foydalanmoqda. O'z portfelida yirik sug'urta shartnomalari mavjudligi tufayli, sug'urta portfelini mustahkamlash uchun qayta sug'urtalash bo'yicha operasiyalarni amalga oshirmoqda. Umuman, qayta sug'urtalash faoliyatini baland darajada kompleks baholanishining saqlanishini ta'minlash uchun Kompaniyaning qayta sug'urtalash faoliyati sug'urta portfeli son va sifat ko'rsatkichlariga ijobiy ta'sir etmoqda.

Kompaniya filiallari va joylardagi bo'linmalari mamlakatning barcha hududlarini qamrab olganligi, uning sug'urta bozorida yetakchilikni saqlab turishini ta'minlamoqda. Hududiy filiallar va sug'urta bo'limlarining muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani Kompaniya ishchan faoliyatining kompleks bahosiga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda. 2015 yil yakunida hududiy bo'linmalarining umumiy soni 151 tani tashkil etgan, shulardan 14 tasi hududiy filiallar va 137 tasi sug'urta bo'limlaridir.

Investitsiya faoliyati sug'urta kompaniyasining to'lov layoqati va moliyaviy mustahkamligini ta'minlashda ahamiyatga molik omillardan biri hisoblanadi. Investisiya portfelini diversifikatsiyalash maqsadida «O'zbekinvest» kompaniyasi iqtisodiyotning turli sohalariga mablag'lar kiritmoqda. Xususan, tijorat banklari, lizing, sug'urta va investitsion kompaniyalariga mablag'lar joylashtirmoqda.

Xalqaro amaliyotda sug'urtalovchilar faoliyatining daromadliligini ta'minlovchi eng muhim omillardan biri investisiya faoliyati hisoblanadi. Hozirgi kunda sug'urtalovchilar to'satdan yuzaga kelgan zararni qoplashi vazifasi bilan bir qatorda institisional investorlar rolini ham bajarmoqda. Bu o'z navbatida mamlakat iqtisodiyotini rivojlanishida muhim o'rin tutadi.

Kompaniyaning barqaror moliyaviy holati, sug'urta bozorini boshqarishni tartibga soladigan to'lash qobiliyati bo'yicha etarli zaxiraga egaligi, shuningdek, bozordagi etakchilik o'rni Kompaniyaning baholash reytingi saqlanishini ta'minlovchi muhim omil hisoblanadi.

 

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati