You are here

«O'zbekinvest» kompaniyasi xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi xorijiy sug'urta kompaniyalari ilg'ort tajribalarini o'z faoliyatida joriy etish va xalqaro sug'urta bozorida o'z mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida xorijiy moliyaviy tashkilotlar bilan bilan doimiy hamkorlik qilib kelmoqda.

«O'zbekinvest» kompaniyasi ko'p yillardan beri Xalqaro eksport kreditlari va investitsiyalar sug'urtachilari Praga klubining (Bern Ittifoqi) to'la huquqli a'zosidir. Uning doirasida 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning davlat eksport-kredit agentliklari bilan hamkorlikni yo'lga qo'ydi va rivojlantirib bormoqda.

Kompaniya mutaxassislari joriy yilning may oyida Varshava shahrida Polsha Respublikasi eksport-kredit agentligi (KUKE) tomonidan tashkil etilgan Sharqiy va Markaziy Yevropa investitsiya va kreditlar sug'urtalovchilarining Bern ittifoqi Praga klubining navbatdagi yillik yig'ilishida ishtirok etdi. Shuningdek, unda 61 mamlakatdan 76 ta eksport-kredit agentliklarining 200 dan ortiq vakillari qatnashdi.

Yig'ilish davomida turli eksport-kredit agentliklari o'rtasida biznes muloqot va ma'lumotlar almashish doirasini kengaytirish imkonini beruvchi Bern Ittifoqi Praga klubining integratsiyalashuvi, klub a'zolarining rivojlanish va holatni yanada rivojlantirish prognoziga intilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga beriladigan eksport kreditlarni sug'urtalash marketingi kabi masalalar muhokama etilib, yig'ilishning Sharqiy Yevropa, MDH va Yaqin Sharq davlatlari ishtirokchilari tajribasi ko'rib chiqildi.

Shuningdek, «O'zbekinvest» kompaniyasi rivojlanishining asosiy jihatlari bo'yicha taqdimot namoyish etilib, sug'urtalash va qayta sug'urtalash sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va biznes muloqot o'rnatish maqsadida eksport-kredit agentliklari vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Ishtirokchilar kelajakda mamlakatimizda investisiya va sug'urta savdosi tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va eksport kredit agentliklari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha malaka va bilimlarini oshirdilar.

 

 

«O'zbekinvest» EIMSK axborot xizmati