You are here

Eksportchilarni qo'llab-quvvatlashda sug'urtaning ahamiyatiga bag'ishlangan seminar

2016 yilning 21 iyul kuni «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi va Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari eksportini qo'llab quvvatlash jamg'armasi hamkorligida eksport mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga eksport qaltisliklarini sug'urtalash yuzasidan zarur ma’lumotlarni berish va qonunchilikdagi so'nggi o'zgarishlar, imtiyoz va prefenensiyalar bilan tanishtirish maqsadida «Eksportchilarni qo'llab-quvvatlashda sug'urtaning ahamiyati» mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda O'zbekiston Respublikasi Markaziy Banki, O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining eksportini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi, tijorat banklari va eksport qiluvchi kompaniyalar hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Respublika sug'urta bozorining rivojlanishi mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish uchun qo'shimcha asoslar yaratdi. Olib borilayotgan sohaga oid islohotlar natijasida bugungi kunda tadbirkorlik subьektlariga o'zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni nafaqat milliy bozorlarimizda balki jahon bozorlariga etkazib berishning keng imkoniyatlari yaratildi. Xususan, eksport qiluvchi korxonalarni rag'batlantirishni kuchaytirish va raqobatbardosh mahsulotlarni eksportga etkazib berishni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qatorida «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan ham eksport shartnomalariga sug'urta himoyasi ko'rsatib kelinmoqda.

Agar raqamlarga murojaat qilinsa, «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan eksport sug'urtasi doirasida 2016 yilning birinchi yarim yilligida 67,1 mln. AQSh dollari miqdorida sug'urta majburiyatlari qabul qilingan. Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining eksport shartnomalarini cug'urtalash bo'yicha qabul qilingan majburiyatlar 156,6 mlrd. so'mni tashkil etdi.

Seminar davomida O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi, deklarasiyalash, sertifikatlash, sanitariya-epidemiologiya nazorati va bojxona rasmiylashtiruvining boshqa tartiblari bir vaqtning o'zida amalga oshirilishini ta'minlaydigan «bir darcha» tamoyili bo'yicha eksport bitimlarining bojxona rasmiylashtiruvi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etib borilyotgani, ruxsat etuvchi hujjatlarni berish muddati tadbirkorlik sub'ektlari ariza bergan vaqtdan boshlab, 30 ish kunlik muddati bilan chegaralanganligi, shuningdek, tovarlar, ishlar va xizmatlarni eksport qiluvchi mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun davlat bojxona xizmati organlarida eksport kontraktlarini hisobga qo'yish, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida bevosita bojxona postlarida amalga oshirilyotgani va boshqa shu kabi muhim masalalar haqida ma'lumot berildi.

Tadbirda ta'kidlandiki, 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarida belgilangan asosiy tamoyillardan biri – iqtisodiyotning raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni qo'llab quvvatlashni kuchaytirish, eksportda fermer ho'jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishtirokini har tomonlama rag'batlantirish joriy yilda ko'zda tutilgan asosiy vazifalardan biridir.

Seminar davomida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari eksportini qo'llab quvvatlash jamg'armasi faoliyatiga ham alohida to'xtalib o'tildi. Jumladan, mazkur jamg'arma joriy yilning birinchi yarim yilligida 1646 ta tadbirkorlik sub'ektlariga mahsulot va xizmatlarni eksport qilishda tashkiliy, huquqiy va moliyaviy xizmatlar ko'rsatgan.

Barcha ma'ruzalardan so'ng seminar qatnashchilari o'rtasida fikr almashilib, ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Shu bilan birga tadbir yakunida “O'zbekinvest” kompaniyasi bilan birgalikda bir necha yillardan beri muvaffaqqiyatli hamkorlik qilayotgan mijozlariga kompaniya tomonidan maxsus sertifikatlar topshirildi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati