Turizm biznesi sub'ektlari uchun sug'urta xizmatlari kengaymoqda

chop etish versiyasi
28.02.2019

Toshkent shahridagi «Miran International Hotel» mehmonxonasida “O'zbekinvest” milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan turizm biznesi sub'ektlarini sug'urtalash masalasiga bag'ishlangan seminar tashkil etildi.

Unda O'zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi vakillari, mamlakatimizda sayyohlik sohasida xizmat ko'rsatuvchi korxonalar, mehmonxona biznesi vakillari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Ma'lumki, turizm iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli, oxirgi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sayyohlik ob'ektlaridan samarali foydalanish, ko'rsatilayotgan xizmat turlari sifatini oshirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini ko'paytirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ushbu sa'y-harakatlar natijasida yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi oshmoqda, xususan, 2016-yilda O'zbekistonga 2 milliondan ortiq sayyoh kelgan bo'lsa, 2018-yilda bu ko'rsatkich 5 milliondan oshgan.

Ichki va tashqi turizmni yanada rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish va sayyohlarga xalqaro talablar darajasida xizmat ko'rsatish talab etiladi. Sug'urta ham ushbu xizmatlardan biri hisoblanadi. Mazkur zaruratdan kelib chiqib, “O'zbekinvest” milliy sug'urta kompaniyasi turizm sohasida sug'urtani yanada rivojlantirish masalalarini muhokama etish, mavjud muammolarni birgalikda hal etishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va turistik firmalar, turoperatorlar, mehmonxona egalari, mahalliy va xorijiy turistlarning mulkiy va shaxsiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan sug'urta xizmatlari bilan soha vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida mazkur seminarni tashkil etdi.

Tadbirda ma'lumot berildiki, bugungi kunda “O'zbekinvest” kompaniyasi tomonidan ushbu sohada O'zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy va chet mamlakatlarga ketayotgan mahalliy sayohatchilarni baxtsiz hodisalardan sug'urtalash, ularning bagajini sug'urtalash, turistik faoliyat yurituvchi sub'ektlarning javobgarligini sug'urtalash, mehmonxona biznesini kompleks sug'urtalash kabi xizmatlar taklif etilmoqda.

Uchrashuvda “O'zbekinvest” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan ishtirokchlarning turizm sohasida sug'urta masalalari bo'yicha savollariga batafsil javob berildi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati