Turizm biznesi sub'ektlarini sug'urtalash muhokama etildi

chop etish versiyasi
20.06.2018

2018-yilning 20-iyun kuni Toshkent va Samarqand shaharlarida “O'zbekinvest” milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan turizm biznesi sub'ektlarini sug'urtalash masalasiga bag'ishlangan seminarlar tashkil etildi.

Unda sayyohlik sohasida xizmat ko'rsatuvchi korxonalar, mehmonxona biznesi vakillari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Turizm iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli, oxirgi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sayyohlik ob'ektlaridan samarali foydalanish, ko'rsatilayotgan xizmat turlari sifatini oshirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini ko'paytirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Ichki va tashqi turizmni yanada rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish va sayyohlarga xalqaro talablar darajasida xizmat ko'rsatish talab etiladi. Sug'urta ham ushbu xizmatlardan biri hisoblanadi. Mazkur zaruratdan kelib chiqib, “O'zbekinvest” milliy sug'urta kompaniyasi turizm sohasida sug'urtani yanada rivojlantirish masalalarini muhokama etish, mavjud muammolarni birgalikda hal etish va taklif etilayotgan sug'urta xizmatlari bilan soha vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida uchrashuvlar tashkil etmoqda.

Tadbirda ma'lumot berildiki, bugungi kunda “O'zbekinvest” kompaniyasi tomonidan ushbu sohada sayohatchini baxtsiz hodisalardan sug'urtalash, uning bagajini sug'urtalash, turistik faoliyat yurituvchi sub'ektlarning javobgarligini sug'urtalash, mehmonxona biznesini kompleks sug'urtalash kabi xizmatlar taklif etmilmoqda.

Uchrashuvda “O'zbekinvest” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan ishtirokchlarning turizm sohasida sug'urta masalalari bo'yicha savollariga batafsil javob berildi.

Turizm biznesi sub'ektlari sug'urtasiga bag'ishlangan seminarlarni Buxoro va Urganch shaharlarida ham o'tkazish rejalashtirilgan.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati