“O'zbekinvest” kompaniyasi 26,5 mlrd. so'm sug'urta qoplamalarini to'lab berdi

chop etish versiyasi
18.10.2018

Sug'urta hodisasi yuz berganda mijozlarning da'volarini imkon qadar tez ko'rib chiqib, ularning mol-mulki yoki sog'lig'iga yetgan zararni o'z vaqtida qoplab berish «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi faoliyatining muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.

Kompaniya tomonidan sug'urta himoyasining afzalliklarini tushuntirish bo'yicha olib borilayotgan tadbirlar natijasida oxirgi yillarda aholi tomonidan sug'urta xizmatlariga bo'lgan qiziqish va talab ortib bormoqda.

Joriy yilning o'tgan 9 oyi davomida kompaniya tomonidan 7400 ga yaqin sug'urta da'volari ko'rib chiqilib, ular bo'yicha jami 26,5 mlrd. so'mdan ortiq sug'urta qoplamasi to'lab berildi.

Ushbu raqamlar tahlil etilsa, to'lab berilgan sug'urta qoplamalarining 67 foizi ixtiyoriy sug'urta turlariga, qolgan qismi esa majburiy turlarga to'g'ri keladi. Ushbu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davri bilan taqqoslanganda 124 foizga ortgan.

Ta'kidlash kerakki, ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtasi, majburiy avtosug'urta, mol-mulk sug'urtasi, garovga qo'yilayotgan mulkni sug'urtalash, ixtiyoriy tibbiy sug'urta, ipoteka sug'urtasi shartnomalari bo'yicha to'lovlar sug'urta qoplamalarining asosiy qismini tashkil etadi. Faqat avtomobillarni majburiy va ixtiyoriy sug'urtalash bo'yicha to'lab berilgan sug'urta qoplamalari hajmi 1,6 mlrd. so'mni yoki 9 oyda to'langan jami sug'urta qoplamalarning qariyb 6,7 foizini tashkil etmoqda.

Bugungi kunda “O'zbekinvest” kompaniyasining tunu-kun ishlovchi dispetcherlik xizmati faoliyat yuritayotgan bo'lib, ushbu xizmat mijozlar murojaatlari bo'yicha barcha ma'lumot va maslahatlarni bermoqda. Kompaniyaning maxsus assistans xizmati esa Toshkent shahri va poytaxt viloyati hududida sug'urta hodisalari yuz berganda voqea joyiga yetib borib, zarur yordamni ko'rsatmoqda.

“O'zbekinvest” EIMSK Axborot xizmati