“O'zbekinvest” kompaniyasi Ashxabodda ko'rgazmada ishtirok etdi

chop etish versiyasi
04.04.2018

Turkmanistonda O'zbekiston milliy sanoat mahsulotlari va investitsiyaviy salohiyatini namoyish etish, ushbu mamlakat kompaniyalari bilan tijoriy-sheriklik shartnomalari tuzish, ishbilarmon doiralarni yurtimizning ilmiy-ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida joriy yilning 29-31 mart kunlari Ashxabod shahrida tashkil etilgan «Made in Uzbekistan» Milliy sanoat ko'rgazmasida “O'zbekinvest” milliy sug'urta kompaniyasi ishtirok etdi.

Ko'rgazmaning ochilishida so'nggi yillarda O'zbekiston va Turkmaniston davlatlari o'rtasidagi ko'p asrlik do'stlik, yaxshi qo'shnilik, o'zaro ishonch va manfaatli aloqalarga asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani barcha sohada hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilayotgani alohida ta'kidlandi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga o'tgan yil mart oyidagi davlat tashrifi, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlarining muntazam muloqotlari O'zbekiston – Turkmaniston hamkorligini strategik sheriklik darajasiga ko'tarib, uni sifat jihatidan yangi amaliy mazmun bilan boyitdi.

Xalqlarimizning tarixan shakllangan yaqin do'stlik rishtalari va mushtarak madaniy ildizlari O'zbekiston bilan Turkmaniston o'rtasidagi o'zaro anglashuv mustahkamlanishi hamda sermahsul hamkorlik rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Ma'lumotlarga ko'ra, 2017-yilda O'zbekiston bilan Turkmaniston o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 177 million dollarni tashkil qilgan.

O'zbekistonning 100 dan ortiq yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlar ishtirok etgan ko'rgazmada “O'zbekinvest” milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan o'zbekistonlik va turkmanistonlik ishbilarmonlar o'rtasida tadbirkorlik shartnomalariga sug'urta xizmatlarini ko'rsatish yuzasidan taqdimot tashkil etildi.

Ta'kidlash kerakki, ushbu nufuzli ko'rgazma ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, mamlakatlarimiz tadbirkorlarining o'zaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, o'zaro ishbilarmonlik aloqalarini yo'lga qo'yishda muhim ahamiyat kasb etadi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati