«O'zbekinvest» kompaniyasi va K-Sure Koreya sug'urta savdo korporatsiyasi o'rtasida kelishuv imzolandi

chop etish versiyasi
19.04.2019

Joriy yilning 18-21-aprel kunlari Koreya Respublikasining O'zbekistonga davlat tashrifi doirasida koreys delegatsiya tarkibida K-Sure Koreya sug'urta savdo korporatsiyasi Prezidenti Li In-Xo Toshkentda bo'ldi.

19-aprel kuni «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi va K-Sure rahbariyati o'rtasida uchrashuv tashkil etildi va unda ikki mamlakat eksport-kredit agentliklari o'rtasida hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari muhokama etildi.

Ta'kidlash joiz, «O'zbekinvest» kompaniyasi va K-Sure eksport kreditlari va investitsiyalarni sug'urtalovchilar Xalqaro ittifoqi – Bern ittifoqining to'la huquqli a'zolaridir.

Muzokaralar yakunida «O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi va K-Sure Koreya sug'urta savdo korporatsiyasi o'rtasida hamkorlik to'g'risida Kelishuv imzolandi.

Ushbu Kelishuv ikki mamlakat eksportchilari tomonidan boshqa mamlakatlarga mahsulotlarini eksport qilishda, O'zbekistonda investitsion loyihalarni sug'urtalash, eksport kreditlarini sug'urtalash va qayta sug'urtalash sohasida hamda ikki tomonlama manfaatli hamkorlikning boshqa masalalarida sug'urta himoyasini taqdim etish bo'yicha hamkorlikning keng imkoniyatlarini yaratadi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati