«O'ZBEKINVEST» MILLIY SUG'URTA KOMPANIYASI – SUG'URTA BOZORIDA 25 YIL!

chop etish versiyasi
29.04.2019

2019-yilning aprel oyida «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi tashkil etilganiga 25 yil bo'ldi. Mustaqillikning dastlabki yillarida, O'zbekiston dunyo mamlakatlari bilan savdo-investitsiyaviy aloqalarni o'rnatish bo'yicha ilk qadamlarni qo'yayotgan davrda, 1994-yilning aprel oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Farmoni bilan «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi tashkil etilgan edi.

Kompaniyaga milliy eksportchilarni xorijda siyosiy va tijorat qaltisliklaridan kompleks sug'urta himoyasi bilan ta'minlash, texnologiyalar, tovarlar va xizmatlar eksportini moliyalashtirish uchun kreditlar ajratuvchi tijorat banklariga sug'urta kafolatlarini berish, xorijiy mamlakatlar eksport-sug'urta agentliklari, sug'urta va qayta sug'urta qilish tashkilotlari bilan hamkorlikni o'rnatish vazifalari yuklatilgan edi.

Shu bilan, «O'zbekinvest» kompaniyasi dastlabki kunlardan boshlab sug'urtaning barcha 17 ta klassi bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi, rezident va norezident bo'lgan jismoniy va yuridik shaxslarga sug'urta xizmatining barcha turlarini taqdim etuvchi universal sug'urta kompaniyasi sifatida ish boshlagan.

Rivojlanish bosqichlari

Yuqoridagi vazifalarni to'liq amalga oshirish maqsadida kompaniyaning quyidagi ixtisoslashgan sho''ba korxonalari tashkil etildi:

- 1994-yilning avgust oyida xorijiy investitsiyalarni O'zbekiston Respublikasida siyosiy qaltisliklardan sug'urtalash doirasida ofisi London shahrida (Buyuk Britaniya) joylashgan va 50 mln. AQSH dollari ustav kapitaliga ega «Uzbekinvest International» sug'urta kompaniyasi tashkil etildi;

- 1997-yilning may oyida kompaniyaning moliyaviy aktivlarini professional boshqarishni tashkil etish doirasida «O'zbekinvest Sarmoyalari» investitsiya kompaniyasi faoliyati yo'lga qo'yildi;

- 2000-yilning aprel oyida kompaniya mijozlariga sug'urta davrida konsultativ xizmatlarni tashkil etish va sifatli tibbiy, yuridik hamda texnik assistans xizmatlarini o'z vaqtida ko'rsatish maqsadida «O'zbekinvest Assistans» servis agentligi tashkil etildi;

- 2003-yilning dekabr oyida hayotni uzoq muddatli sug'urtasini rivojlantirish maqsadida «O'zbekinvest Hayot» sho''ba sug'urta kompaniyasi tashkil etildi;

2003-yilning dekabr oyida «O'zbekinvest» kompaniyasi O'zbekiston moliya bozorida birinchi bo'lib sug'urta biznesining xalqaro etakchi kompaniyalarining ishonchini oshirish va kompaniyaning ular tomonidan tan olinishiga xizmat qiluvchi sifat menejmenti tizimini tasdiqlovchi ISO 9001 xalqaro standarti sertifikatini qo'lga kiritdi.

2016-yilning noyabr oyida «Moody’s Investors Services Ltd.» xalqaro reyting agentligi (Buyuk Britaniya) tomonidan kompaniyaga «Barqaror» prognozi bilan moliyaviy barqarorlik xalqaro reytingining «Ba3» darajasi berildi. Shu bilan, kompaniya O'zbekiston moliya bozorida mazkur nufuzli reytinga ega yagona tashkilotga aylandi.

Kompaniya 1997-yildan buyon xalqaro faoliyatni rivojlantirish doirasida dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan 83 ta tashkilotni birlashtiradigan “Kreditlar va investitsiyalarni sug'urtalovchilar Xalqaro ittifoqi – Bern ittifoqi”ning to'la huquqli a'zosi hisoblanadi. O'tgan davr mobaynida xorijiy mamlakatlarning 34 ta eksport-kredit agentliklari bilan hamkorlik bo'yicha kelishuvlar imzolandi.

Shu bilan birga, “Navigators Insurance Company” (AQSH), “Lancashire Insurance Company Limited” (Buyuk Britaniya), “Tokio Marine & Nichido Fire Insurance Co. Ltd.” (Yaponiya), “Allianz SE” va “HDI Global Network AG” (Germaniya), AXA (Fransiya), “People Insurance Company of China” (Xitoy), “Korean Reinsurance Company” (Koreya), «Ingosstrax», «Sogaz» (Rossiya), “Zurich Insurance Group” (Shveytsariya) kabi dunyoning xususiy yetakchi sug'urta kompaniyalari o'ntaligiga kiruvchi transmilliy sug'urta kompaniyalar bilan tijorat qaltisliklarini qayta sug'urtalash bo'yicha tizimli hamkorlik yo'lga qo'yilgan.

 

Kompaniyaning kelajak istiqbollari

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda iqtisodiyotni qayta shakllantirishning keng qamrovli dasturi belgilab berildi. Buning natijasida respublika ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha jabhalari, xususan sug'urta sohasi jadal rivojlanmoqda va bu milliy sug'urta bozorining taraqqiy etishi uchun yangi va keng imkoniyatlarni yaratib bermoqda.

«O'zbekinvest» kompaniyasi 2017-yilning dekabr oyida Islom hamkorlik tashkiloti a'zo davlatlarining 40 dan ortiq sug'urta va qayta sug'urta qilish tashkilotlarini birlashtirgan O'mon ittifoqi – Professional forumining to'la huquqli a'zosiga aylandi.

Faol xalqaro sug'urta faoliyatini amalga oshirish natijasida O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish Davlat dasturlari doirasida AQSH, Yaponiya, Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Shveytsariya va boshqa xorijiy mamlakatlar investorlari va pudratchilari tomonidan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bo'yicha kompaniya tomonidan tuzilgan shartnomalar bo'yicha qabul qilingan sug'urta majburiyatlari hajmi 2019-yilning 1-yanvar holatiga 21,7 mlrd. AQSH dollarni tashkil etdi va ushbu majburiyatlar 2024-yilgacha kuchga ega.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 20-dekabrdagi qaroriga asosan «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasiga xorijiy bozorlarda milliy eksportchilar manfaatini himoya qiluvchi kompleks sug'urta xizmatlarini taqdim etish doirasida eksport kreditlari va operatsiyalarini sug'urtalash vazifasi yuklatildi.

Qo'yilgan vazifalarni bajarish doirasida joriy yilning I choragida milliy eksportchilarga 70 mln. AQSH dollari yoki o'tgan yil davomida olingan majburiyatlar hajmiga nisbatan 7 barobar ko'p sug'urta himoyasi taqdim etildi. 2019-yilda eksport sug'urtasi bo'yicha ko'rsatiladigan xizmatlar hajmini eng kamida 500 mln. AQSH dollariga yetkazish yoki markazlashmagan eksportning 20 foizini sug'urtalash ko'zda tutilgan.

Milliy eksportchilar tomonidan O'zbekiston Respublikasining amaldagi va salohiyatli hamkor mamlakatlariga mahsulot va xizmatlarni eksport qilishda mahalliy eksportchilarga va O'zbekistonga kelayotgan investorlarga sug'urta himoyasini taqdim etish maqsadida 2019-yilda Buyuk Britaniyaning «UK Export Finance», Chexiyaning «EGAP» va Janubiy Koreyaning «KSure» eksport-kredit agentliklari bilan hamkorlik to'g'risida imzolangan kelishuvlar doirasida amaliy ishlar boshlandi hamda Rossiyaning «EKSAR», Italiyaning «SACE», Germaniyaning «Germes», Fransiyaning «Coface» agentliklari, shuningdek, AQSH va Xitoyning Eksimbanklari bilan ham ana shunday kelishuvchilarni imzolash rejalashtirilgan.

O'sish dinamikasi

Sug'urta bozorining qayta shakllanishi va rivojlanishi jaryonlariga faol e'tibor qaratilishi sababli «O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan oxirgi ikki yilda yuqori natijalarga erishildi. Xususan, so'ngi ikki yil davomida kompaniya mijozlari soni 415 mingdan ortib, 2016-yilga nisbatan 2 barobar ko'pni tashkil etmoqda.

Kompaniya sug'urta portfeli 163 foizga oshgan, aktivlar hajmi 2,2 barobarga o'sib, 813 mlrd. so'mni tashkil etmoqda. Bugungi kunda shakllantirilgan sug'urta zaxiralari 146 mlrd. so'mni tashkil etadi.

Shahar va qishloq aholisini sug'urtaning ixtiyoriy va majburiy turlariga faol jalb etishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida jismoniy shaxslar kesimida 2018-yil yakunlari bo'yicha 26 mlrd. so'm yoki 2016-yilga nisbatan 3,7 barobar ko'p sug'urta mukofoti yig'ilgan.

2017-2018-yillarda 48 ta yangi hududiy sug'urta bo'limlari ochildi, shunday qilib, hozirda 206 ta hududiy bo'limlar va 950 nafar sug'urta agentlari tomonidan sug'urta xizmatlari aholiga taqdim etilmoqda.

Chakana sug'urtani rivojlantirish va sug'urta himoyasini taqdim etish geografiyasini, xususan qishloq joylarda kengaytirish bo'yicha olib borilgan ishlar natijasida 2018-yilda faqat sug'urta bo'limlari tomonidan 37 mlrd. so'mdan ortiq yoki 2017-yilga qaraganda 1,9 barobar ko'p sug'urta mukofotlari yig'ilgan.

Bu borada aholi va tadbirkorlik sub'ektlari uchun yangi va dolzarb mahsulotlarni ishlab chiqish va reklama-marketing faoliyatini faollashtirishda rebrending o'tkazilishi, yangi logotipning tasdiqlanishi muhim rol o'ynadi. Shu bilan birga, respublikaning barcha hududlarida marketing aksiyalari o'tkazilmoqda, Internet va ommabop ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya imiji va taqdim etilayotgan sug'urta xizmatlari faol targ'ib qilinmoqda.

Uzluksiz o'qitish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi, tuman va shaharlar mutaxassislari malakasini oshirishga qaratilgan seminarlar tashkil etildi. Yevropa Ittifoqi va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarining nufuzli xalqaro o'quv markazlarida va yirik sug'urta kompaniyalarida malaka oshirish va tajriba almashish amaliyoti joriy etildi.

Kompaniyaning strategik maqsadlari

Rivojlanishning yangi bosqichiga o'tayotgan kompaniya o'z oldiga quyidagi strategik vazifalarni amalga oshirishni maqsad qilgan, ya'ni:

  1. Xorijga mahalliy eksport hajmini oshirish hamda xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarga kompleks sug'urta himoyasini taqdim etish.
  2. Eksportchilarga sug'urta himoyasini taqdim etish, eksport kreditlarini sug'urtalash va qayta sug'urtalash maqsadida O'zbekistonning tashqi savdo hamkorlari hisoblangan xorijiy mamlakatlar eksport-kredit agentliklari va Eksimbanklari bilan tizimli hamkorlikni tashkil etish.
  3. Yangi, zamonaviy, dolzarb sug'urta mahsulotlarini ishlab chiqish va joriy etish, sug'urtaning mulkiy va shaxsiy turlari bo'yicha qulay va ishonchli sug'urta himoyasini taqdim etish orqali respublika aholisi o'rtasida sug'urtani ommalashtirish.
  4. Hududiy tarmoqni rivojlantirish, xususan, yangi sug'urta xizmatlari shahobchalarini ochish, ularni zarur moddiy-texnik baza bilan ta'minlash, bir xil korporativ uslubda jihozlash.
  5. Barcha darajadagi, birinchi navbatda aholi bilan ishlovchi xodimlar bilim va malakasini tubdan oshirish.
  6. Axborot texnologiyalari infrastrukturasini to'liq yangilash, xususan, biznes yuritishning zamonaviy integrallashgan tizimini, blokcheyn texnologiyalarni faoliyatga joriy etish.
  7. Aholi va tadbirkorlar o'rtasida kompaniyaning ijobiy imijini shakllantirish maqsadida marketing strategiyasini takomillashtirish, korporativ mijozlar va jismoniy shaxslar bozorida istiqbolli va dolzarb sug'urta mahsulotlarini targ'ib qilish.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida xalqaro tovar va xizmatlar bozoriga O'zbekistonning kirishi, xorijiy mamlakatlarga chiqayotgan milliy mahsulotlar eksportini sug'urtalash bo'yicha siyosatni davom ettirish, chet el va mahalliy investorlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini qaltisliklardan sug'urtalash, milliy sug'urta bozorini yanada rivojlantirishga ko'maklashish kompaniyaning asosiy vazifalari hisoblanadi.

«O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi Axborot xizmati