«O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi fevral oyida 4 mlrd. so'm sug'urta qoplamalarini to'lab berdi

chop etish versiyasi
15.03.2018

«O'zbekinvest» eksport-import milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan aholi bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida Ishonch telefoni, 24 soat ishlovchi dispetcherlik xizmati tashkil etilgan. Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyati hududi bo'yicha xizmat ko'rsatuvchi assistans xizmati faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, sug'urta hodisalari yuz berganda kompaniya xodimlari voqea joyiga yetib borib, zarur yordamni ko'rsatmoqda.

Ushbu say'-harakatlar natijasida kompaniya tomonidan joriy yilning fevral oyi davomida 692 ta sug'urta hodisalari bo'yicha mijozlardan kelib tushgan murojaatlar asosida qariyb 4 mlrd. so'm hajmidagi sug'urta qoplamalari to'lab berildi. Ko'rib chiqilgan sug'urta da'volarining 76 foizi yuridik shaxslar, 24 foizi esa jismoniy shaxslar ulushiga to'g'ri keladi.

Amalga oshirilgan sug'urta qoplamalarining ayrimlariga murojaat qilsak, sodir bo'lgan sug'urta hodisalari bo'yicha berilgan da'vo arizalarini ko'rib chiqilishi natijasida yetkazilgan zararlarni qoplab berish uchun neftni qayta ishlash sohasida ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtasi bo'yicha 1,2 mlrd. so'm, temir yo'l sostavi sug'urtasi bo'yicha 170 mln. so'm, neft gaz sohasida qo'rilish olib boruvchi tashkilotga mol-mulk kompleks sug'urtasi bo'yicha 470 mln. so'm sug'urta qoplamalari to'lab berildi.

Shuningdek, fevral oyida transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtasi bo'yicha jami 195 mln. so'm va ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug'urtasi bo'yicha jami 357 mln. so'm miqdorida sug'urta to'lovlari amalga oshirildi.

Joriy yil boshidan buyon kompaniya tizimida jami 5 mlrd. so'mga yaqin sug'urta qoplamalari to'lab berilgan bo'lib, undan 75 foizi ixtiyoriy va 25 foizi esa majburiy sug'urta turlariga to'g'ri keladi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati

15.03.2018