“Oʼzbekinvest” 2024 yildan boshlab Oʼzbekiston sugʼurta bozorida birinchi boʼlib anderrayting (sugʼurta qaltisliklarini baholash) jarayoniga sunʼiy intellektni joriy qilmoqda.

chop etish versiyasi
26.12.2023

“Oʼzbekinvest” eksport-import sugʼurta kompaniyasi “GlowByte” xalqaro IT tashkiloti hamkorligida 2024 yildan boshlab Oʼzbekiston sugʼurta bozorida birinchi boʼlib real vaqt rejimida mavjud maʼlumotlardan foydalangan holda qaror chiqarish imkoniyatini beruvchi (ML) sugʼurtalashdan avval innovatsion tekshirish tizimini (Talys.SDE) ishga tushirmoqda. Dasturiy taʼminot Data Sapience koʼmagida ishlab chiqilgan.

GlowByte sugʼurta amaliyoti rahbari Yevgeniy Chernoburovning soʼzlariga koʼra, yaratilayotgan tizim kelgusida skoring, avtomatlashtirilgan holda individual tariflarni hisoblash, qarorlar qabul qilish hamda sugʼurta shartnomasini tuzish bosqichidagi ehtimoliy yoʼqotishlarni baholash imkonini beradi. Bu kabi loyiha Oʼzbekistonda, xususan, respublika sugʼurta kompaniyalari ichida birinchi boʼladi.

Qarorlarni qabul qilish axborot tizimi - bu barcha mavjud maʼlumot manbalari (jarimalar, kredit tarixi, yosh, haydovchilik tajribasi, yoʼl harakati qoidalarini buzganlik va boshqalar)ga ulanish, serverlardagi maʼlumotlarni tahlil qilish uchun olish hamda olingan maʼlumotlar asosida bir zumda tahlil amalga oshirish havf-xatar darajasini hisoblashdir.

“Oʼzbekinvest” sugʼurta kompaniyasi sunʼiy intellekt modellari yordamida potentsial muammoli mijozlarni aniqlaydi va shunga mos ravishda sugʼurta qaltisliklarini yanada oqilona boshqaradi. Sunʼiy intellektdan foydalanish anderrayting jarayonida, kompaniyaning umumiy mijozlar bazasidagi 87 foiz maʼlumotlarni qayta ishlash imkonini beradi.

  Loyihani amalga oshirishda 20 terabaytdan ortiq sigʼimga ega boʼlgan korporativ maʼlumotlar bazasini yaratishga alohida eʼtibor berilgan boʼlib, u nafaqat kompaniya uchun ishonchli axborotlarning yagona manbai boʼlib xizmat qiladi, balki boshqaruv qarorlarini qabul qilish sifatini oshiradi hamda aniq va ishonchli maʼlumotlarga asoslangan biznesni boshqarish imkonini beradi.

Аnderrayting jarayoniga sunʼiy intellektning joriy qilinishi “Oʼzbekinvest” sugʼurta kompaniyasining toʼliq raqamli transformatsiyasi yoʼlidagi navbatdagi eng muhim qadami hisoblanib, barqaror oʼsishni taʼminlaydi. Shuningdek, uning bozordagi yetakchilik mavqeini mustahkamlash bilan birga, Oʼzbekiston sugʼurta bozorini rivojlantirish uchun texnologik platforma yaratishga turtki beradi.

kun.uz