You are here

Interaktiv xizmatlar mijozlar vaqtini tejashga xizmat qilmoqda

Bugungi zamonaviy dunyoda  barcha sohalar rivoji  axborot kommunikatsiya texnologiyalariga bog'liq. Shu bois, mamlakatimizda  qabul qilingan  maxsus dasturlar, Prezident va hukumat qarorlari asosida   davlat  organlari, korxona va tashkilotlar, umuman barcha sohalarga  axborot texnologiyalari keng jalb etilmoqda. Bundan sug'urta sohasi ham mustasno emas.

Ish jarayonlarini  tizimlashtirish, mijozlarni  kompaniya va sug'urta xizmatlari haqida to'liq axborot bilan ta'minlash, shuningdek  bu jarayonda vaqtni  qisqartirish maqsadida, “O'zbekinvest” EIMSK  faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari keng  joriy etilmoqda.  Xususan, kompaniyaning   korporativ saytida fuqarolar uchun  keng ko'lamdagi interaktiv xizmatlar mavjud.  Shunisi e'tiborliki, ushbu xizmatlardan hatto  chekka hududlardagi fuqarolar hamda   kichik va xususiy biznes subyektlari ham foydalanishlari mumkin.

- Masalan, mijozlar  kompaniya haqida ma'lumot, sug'urta kalkulyatori, onlayn orqali sug'urta polisiga buyurtma berish, sug'urta agenti, sug'urta hodisasi, fuqarolarning murojaatlarini ko'rib chiqish va bizning maslahat kabi  interaktiv xizmatlardan foydalanishlari mumkin, - deydi  Sug'urtada  axborot texnologiyalari departamenti bosh menejeri Sherzod Alimov. -  Avvallari ma'lum bir  sug'urta turi bo'yicha  sug'urta mukofotini  hisoblash uchun  sug'urta agenti yoki sug'urta  kompaniyasi bo'linmasiga  kelib, ariza-anketani to'ldirish  talab etilar edi. Shundan keyingina  sug'urta mukofoti hisoblab berilgan.  Endi esa  interaktiv  xizmat masofadan turib amalga oshiriladi.   Sug'urta hodisasi haqida xabar berishda ham oldin ancha ovoragarchiliklar bo'lgan.  Hozir esa  mijoz ushbu xizmat asosida  sug'urta  hodisasi haqida  maxsus formani to'ldirgan holda xabar beradi. Bu  eng avvallo, arizalarni  topshirish operativligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mijozlarning interaktiv shaklda taqdim etilgan  ariza va murojaatlari  3 kun mobaynida ko'rib chiqiladi.  Bundan tashqari,  ushbu sug'urta kompaniyasi   xizmatlar  Yagona  interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham  taqdim  etilmoqda.

- Fuqarolar murojaatlarini ko'rib chiqish, vakansiyalar, rahbar qabuliga yozilish kabi  xizmatlar majburiydir, - deydi Sherzod Alimov.   - Bundan tashqari,  yagona portalga  sug'urta bo'yicha interaktiv xizmatlar ham kiritilgan.  Bu biror bir obyektda  avariya sodir bo'lgan vaqtda  insonlarning   hayoti va  sog'lig'iga, shuningdek atrof-muhitga  yetkazilgan zarar uchun   fuqarolik javobgarligini  majburiy sug'urtalash xizmatidir. 

Yana shuni qo'shimcha qilish mumkinki,  “Uzbekinvest” EIMSK  hozirda erishilgan ijobiy  natijalar bilan cheklanmasdan,  mijozlar talablaridan kelib chiqib,  yangi interaktiv xizmatlarini ishlab chiqish va mavjudlarini takomillashtirish ustida  ishlamoqda.