You are here

"O'zbekinvest Hayot" sug'urta kompaniyasi joriy yil 9 oy yakunlarini e'lon qildi

O'zbekistonda sug'urta sohasini ommalashtirish, jumladan fuqarolar orasida hayot va salomatlik sug'urta mahsulotlaridan foydalanish darajasini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, «O’zbekinvest Hayot» sug'urta kompaniyasi ham mazkur sug'urta mahsulotlarini taqdim qiluvchi kompaniyalar qatoridan joy oladi. Joriy yil 9 oy yakunlari bo'yicha kompaniya faoliyati haqida muxbirimizning lavxasida.

«O’zbekinvest Hayot» faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hayot sug'urtasini taqdim etishdir, shu sababdan kompaniya sug'urta portfelidagi asosiy ulushni aynan shu mahsulotlar egallaydi.

2014 yilning 9 oyi yakunlari bo'yicha kompaniyada qariyb 12,3 mlrd. so'mga teng sug'urta mukofotlari to'plangan bo'lib, bu holat kompaniyaning bir pog'ona yuqorilab, mukofotlar yig'imi bo'yicha sug'urta bozorida 9-o'rinni egallashiga olib keldi. Yalpi to'plamning 90 foizga yaqin ko'rsatkichi uzoq muddatli hayot sug'urtasi ulushiga, 10 foizdan sal ortig'i esa umumiy sug'urta tarmoqlari mahsulotlari hissasiga to'g'ri kelmoqda. Kompaniya majburiyatlari hajmi esa 421,7 mlrd. so'mni tashkil qildi.

Ta'kidlash kerakki, deyarli 7,0 mlrd. so'mga teng sug'urta to'lovlari qiymati bo'yicha «O’zbekinvest Hayot» sug'urta bozoridagi yetakchi uchtalikka kiradi. Mazkur ko'rsatkichda uzoq muddatli hayot sug'urtasi ulushi deyarli 90 foizni tashkil qiladi. Tuzilgan bitimlar soni esa 19 mingtadan oshadi, ammo bunda kompaniya faoliyatining xususiyatlari hisobga olinishi kerak. Shu sababdan, sug'urtalangan shaxslar soni shartnomalar miqdoridan sezilarli darajada oshadi.

Kompaniyaning hayot sug'urtasi bo'yicha faoliyatida investitsiyaviy yo'nalish muhim ahamiyatga ega. Ushbu yo'nalish samaradorlikni oshirish maqsadida, doimiy nazorat ostiga olingan. Joriy yilning 9 oyi davomida investitsiyalar hajmi deyarli 20,0 mlrd. so'mga yetib, o'tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 martaga o'sish qayd etildi. Bank depozitlari va qimmatli qog'ozlar kompaniya kirimlarining asosiy manbai bo'lib qolmoqda.