“O‘zbekinvest” 2023-yilda O‘zbekiston noxomashyo eksportining 36 foizini sug‘urta qoplamasi bilan taʼminladi

chop etish versiyasi
20.02.2024

“O‘zbekinvest” 2023-yilda kompaniyasi milliy mahsulot, ish va xizmatlar eksportchilari uchun sug‘urta qoplamasini oshirdi va shu bilan ishonchli sug‘urtachi va hamkor sifatidagi obro‘sini tasdiqladi.

O‘zbekiston Prezidentining “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan kompaniya zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan 2023-yilda milliy eksportchilar 2,5 mlrd AQSH dollari miqdorida sug‘urta himoyasi bilan taʼminlandi, bu O‘zbekistonning noxomashyo eksporti qoplamasining 36 foizini tashkil etdi.

2022-yil natijalariga nisbatan o‘sish 119 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, 2016-yildan boshlab milliy eksportchilarga taqdim etilgan sug‘urta himoyasi hajmi 22,8 barobar oshdi.

2023-yil davomida eksportchilarni kompleks sug‘urtalash polislari bo‘yicha sug‘urta hodisalari yuz berganligi munosabati bilan milliy eksportchilarga 7,3 mlrd so‘m sug‘urta tovonlari to‘lab berildi.

Jami kompaniya tomonidan NEXI (Yaponiya), Sinosure (Xitoy), KSure (Janubiy Koreya), UK Export Finance (Buyuk Britaniya), Coface (Fransiya), SACE (Italiya), ICIEC, Export Credit Etihad Credit Insurance (BAA) kabi jahonning yetakchi davlat eksport-kredit agentliklari bilan 40 dan ortiq shartnoma va o‘zaro hamkorlik memorandumlari tuzilgan.

“O‘zbekinvest” kompaniyasi 2024-yilda O‘zbekistonning eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash hamda tovar, ish va xizmatlar milliy eksportchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarini tizimli davom ettiradi.