Hukumat qarori (106-son, 09.03.2022 y.) bilan “Аvtomobil tarixi” maʼlumotlarini taqdim etish boʼyicha davlat xizmatini koʼrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Qarorga koʼra, 2022 yil 1 maydan:
“Аvtomobil tarixi” maʼlumotlarini shartnomaviy asosda DXM, YaIDXP (my.gov.uz) yoki veb-saytlar va ularning ilovalari orqali aniqlash boʼyicha davlat xizmati yoʼlga qoʼyiladi;
avtotransportni texnik koʼrikdan oʼtkazish jarayonida avtotransportning bosib oʼtgan masofasi haqidagi maʼlumotlar, jumladan, texnik koʼrikdan oʼtkazuvchi tadbirkorlar tomonidan ham majburiy tartibda axborot tizimiga kiritiladi.
“Аvtomobil tarixi” maʼlumotlari quyidagilarni oʼz ichiga oladi:
▫️avtotransportning agregat maʼlumotlari;
▫️bosib oʼtgan masofasi;
▫️shartnoma tuzilganligiga oid maʼlumotlar (ishonchnoma, ijara, hadya);
▫️yoʼl-transport hodisasi sodir etilganligi;
▫️qoidabuzarliklar holati;
▫️garovga qoʼyilganlik holati;
▫️taqiq borligi yoki yoʼqligi;
▫️bojxona rasmiylashtiruviga oid maʼlumot;
▫️litsenziya olinganlik holati (yoʼlovchi tashish uchun).
Davlat xizmatidan foydalanish uchun soʼrovnoma toʼldiriladi (DXM, YaIDXP, veb-sayt yoki ilova orqali).
Davlat xizmati uchun BHMning 10 foizi (27 ming soʼm) miqdorida yigʼim undiriladi.
Maʼlumotlar real vaqt rejimida tayyorlanadi va ariza beruvchiga taqdim etiladi.
Maʼlumotnoma shaxsga doir maʼlumotlar oshkor etilmagan holda beriladi (avtotransport mulkdori tomonidan oʼz “Аvtomobil tarixi”ni bilish uchun yoʼllangan soʼrovnomalar bundan mustasno).
Maʼlumotnoma axborot xususiyatiga ega boʼlib, kelgusida rasmiy harakatlarni amalga oshirish uchun asos boʼlmaydi.
Аriza beruvchilar Oʼzbekistonda roʼyxatdan oʼtgan istalgan avtomobil haqida maʼlumot olishi mumkin.