“O‘zbekinvest” kompaniyasi biznes jarayonlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qildi

chop etish versiyasi
29.02.2024

O‘zbekiston Prezidentining “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan dasturga muvofiq “O‘zbekinvest” kompaniyasi tomonidan kompaniyaning barcha biznes jarayonlarida sunʼiy intellektga asoslangan zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish va ulardan foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2024-yil yanvar oyidan boshlab “O‘zbekinvest” O‘zbekiston sug‘urta bozorida birinchi bo‘lib 15 turdagi sug‘urta polislarini to‘liq elektron formatga o‘tkazdi, bu esa mahalliy xizmatlarning shaffofligini taʼminladi va axborotni saqlash va qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirdi.

2024-yil yanvar oyidan boshlab “O‘zbekinvest” xalqaro IT-hamkori GlowByte ko‘magida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda real vaqt rejimida sug‘urtadan oldingi tekshiruvlarning innovatsion tizimini (Talys.SDE) ishga tushirdi. Bugungi kunda bu tizim kompaniyaning umumiy mijozlar bazasidagi polislarning 87 foizi maʼlumotlarini qayta ishlash imkonini beradi.

2023-yil yakuniga ko‘ra kompaniya avtomobil egalari bilan 809 mingdan ortiq shartnoma tuzib, avtomobillarni majburiy sug‘urta qilish bozoridagi yetakchi mavqeini saqlab qoldi.
Yangi va dolzarb sug‘urta mahsulotlarini bozorga chiqarish natijasida jismoniy shaxslarni sug‘urtalash segmentida 105 mlrd.so‘m sug‘urta mukofotlarini yig‘ilishi taʼminlanib, 2022-yil yakuniga nisbatan 168 foizga o‘sdi.

2023-yil davomida avtomobil egalariga 19,4 milliard so‘mdan ortiq sug‘urta tovonlari to‘landi.
Kompaniyaning 2024-yildagi eng muhim vazifalaridan biri - kompaniya faoliyatini raqamlashtirish va sug‘urta qaltisliklarini baholash va qarorlarni qabul qilish tizimiga sunʼiy intellektni joriy etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish hamda aholi va korporativ mijozlar uchun raqamli platformalar va mobil ilovalarda yangi istiqbolli sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqishdir.