Koreyaning majburiy tibbiy sug'urta sohasidagi tajribasi o'rganilmoqda

chop etish versiyasi
11.04.2018

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Majburiy tibbiy sug'urta: Koreya Respublikasi tajribasi” mavzusiga bag'ishlangan amaliy seminar o'tkazildi, bu haqda Qonunchilik palatasining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Seminarda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Tadqiqot markazi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Sog'liqni saqlash vazirligi va mamlakatimizning yetakchi sug'urta kompaniyalarining mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Mazkur seminardan ko'zlangan asosiy maqsad – Koreya Respublikasining milliy tibbiy sug'urta tizimini chuqur o'rgangan holda bu boradagi ijobiy tajribalaridan O'zbekiston Respublikasida foydalanish bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Yig'ilishda mamlakatimizning majburiy tibbiy sug'urta tizimi amaliyoti va qonunchiligining o'ziga xos xususiyatlari to'g'risida taqdimot o'tkazildi.

Ma'lumotlarga ko'ra, Koreya milliy tibbiy sug'urta tizimi va tibbiyotning rivojlanishi bo'yicha dunyo miqyosida 4-o'rinda turadi va ushbu tizim hozirgi kunda jahonning ko'plab davlatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan tadqiq etilmoqda. Koreya tibbiy sug'urta tizimi halqaro tamoyillarga javob bergan holda mamlakat narh siyosatiga monand tarzda takomillashib borishi bilan tavsiflanadi. Shu sababdan, u xalqaro talablarga to'liq javob beradi va aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoyalaydi.

Shu bois Koreya Respublikasidagi tibbiy sug'urta tizimini bevosita o'rganish va uning yutuqlarini O'zbekiston milliy qonunchiligiga tadbiq etish, o'z navbatida, O'zbekistonda sog'liqni saqlash tizimining takomillashuviga va aholi salomatligini samarali muhofaza qilish tizimini yaratishga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida bildirilgan fikr va mulohazalar asosida O'zbekistonda majburiy tibbiy sug'urta tizimini takomillashtirish bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Shuningdek, kelgusida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Tadqiqot xizmati bilan qator ilmiy tadqiqotlar va loyihalar o'tkazishga kelishib olindi.