2024 yilning 14 noyabr' kunida «katta uchlik» xalqaro reyting agentliklaridan biri bo‘lgan «Moody’s Ratings» (AQSh) xalqaro reyting agentligi “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasining moliyaviy barqarorlik reytingini “barqaror” prognozi bilan «Ba2» darajasiga ko‘tarilgani haqida rasmiy press-reliz chop etdi.
«O‘zbekinvest» O‘zbekiston bank-moliya sektoridagi «Moody’s» xalqaro reyting agentligi tomonidan «Ba2» moliyaviy mustahkamlik reytingi berilgan birinchi kompaniya hisoblanadi.
«Moody's» agentligining ma'lumotiga ko‘ra, «O‘zbekinvest»ning reytingi va moliyaviy mustahkamligi prognozi (IFSR) quyidagilarga asoslanadi:
- «O‘zbekinvest» kompaniyasining bozordagi kuchli pozisiyasi;
- Aaa reytingiga ega moliyaviy institutlar tomonidan boshqariladigan yuqori sifatli investisiya portfeliga ega bo‘lishi;
- sug‘urta risklari bilan bog‘liq kapitalning yuqori darajasi;
- “O‘zbekinvest” kompaniyasining xalqaro qayta sug‘urta bozoriga e'tiborining ortishi hisobiga geografik va biznes diversifikasiyasi kuchaytirilishi.
«Moody’s» xalqaro reytingi “Ba2” darajasiga ko‘tarilishi kompaniyaning kreditga layoqatliligining yuqori darajasidan dalolat beradi, bu esa kompaniyaning xalqaro qayta sug‘urta bozorlariga faol kirishi, shuningdek, milliy eksportchilarni va O‘zbekistonga sarmoya kiritayotgan xorijiy kompaniyalarni sug‘urta himoyasi bilan ta'minlashni kengaytirish uchun sharoit yaratadi.
Bugungi kunga qadar «O‘zbekinvest» kompaniyasi dunyoning 136 ta davlatida qayta sug‘urtalash bo‘yicha faoliyat olib bormoqda, sug‘urta tushumlarining umumiy hajmida xorijiy daromadlar hajmi 50 foizdan oshdi.
Joriy yilning 9 oyi davomida qayta sug‘urta mukofotlarining yalpi yig‘imi 35,6 mln AQSh dollarini tashkil etdi. Shu bilan birga, kompaniyaning sug‘urta portfelidagi sug‘urta xizmatlari eksportining ulushi 41 foizni tashkil etdi. Tovar va xizmatlarning milliy eksportchilari 2,2 mlrd dollar miqdorida sug‘urta himoyasi bilan ta'minlandi. 2024 yilning to‘qqiz oyida “O‘zbekinvest” tomonidan 810,8 milliard so‘m sug‘urta mukofotlari yig‘ilishi ta'minlandi.
Reytingning ko‘tarilishi so‘nggi 7 yil ichida kompaniya biznesining jadal rivojlanishi va o‘sishining mantiqiy natijasi bo‘ldi.
Sug‘urta mukofotlarining yalpi yig‘imi qariyb 12 baravarga oshib, 2017 yil boshidagi 103,9 milliard so‘mdan 2024 yil boshida 1,2 trln so‘mni tashkil etdi.
Korporativ mijozlar segmentida sug‘urta mukofotlari hajmi ko‘rib chiqilayotgan davrda 11,6 barobar oshib, mutlaq ko‘rsatkich 1,1 mlrd so‘mni tashkil etdi. Chakana sug‘urta segmentidagi biznes hajmi 15 barobardan ortiq o‘sib, joriy yil boshida 106 milliard so‘mni tashkil etdi.
2017-2023 yillar uchun kompaniya quyidagi ko‘rsatkichlarga erishgan holda sug‘urta yo‘nalishlari bo‘yicha ham faoliyatini kengaytirdi:
- kichik va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini sug‘urta himoyasi bilan ta'minlash – 4,7 milliard so‘mdan 44,3 milliard so‘mgacha (o‘sish 9,4 barobar);
- EIZ va KSZ rezidentlarini sug‘urtalash - 1,2 mlrd so‘mdan 16,1 mlrd so‘mgacha (o‘sish 13,4 barobar);
- investisiya loyihalarini sug‘urtalash – 2,5 mlrd so‘mdan 50,8 mlrd so‘mgacha (o‘sish 20,3 barobar);
- mijozlar bazasi 146,3 mingdan 1,1 milliongacha oshdi. (7,5 baravarga o‘sish).
Shuni ta'kidlash kerakki, 2024 yil aprel' oyida «A.M. Best Company Inc.» (AQSh) xalqaro reyting agentligi “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasining moliyaviy barqarorlik reytingini “barqaror” prognoz bilan «bb» darajasiga ko‘tarilganini rasman e'lon qildi.