"Moody’s Ratings" xalqaro reyting agentligi "O‘zbekinvest" kompaniyasi reytingi prognozini "Ba2" - "ijobiy" darajagacha ko‘tardi

chop etish versiyasi
18.06.2025

2025 yil 16 iyunda "Moody’s Ratings" xalqaro reyting agentligi "O‘zbekinvest" sug‘urta kompaniyasining moliyaviy barqarorlik reytingi bo‘yicha prognozini "Ba2" - "ijobiy" darajaga ko‘tarilganini rasman e’lon qildi.

"O‘zbekinvest" kompaniyasi hozirgi kunda "Moody’s Ratings" (AQSH) agentligi tomonidan Ba2 darajasida moliyaviy barqarorlik reytingi berilgan O‘zbekiston bank-moliya sektoridagi yagona kompaniyadir.

Moody’s bayonotiga ko‘ra, kompaniya faoliyati prognozini “barqaror” darajasidan "ijobiy" darajaga ko‘tarish quyidagilarga asoslanadi:

- kompaniyaning O‘zbekiston sug‘urta bozoridagi mustahkam o‘rni;

- operatsion muhitning kutilayotgan yaxshilanishi;

- yuqori sifatli yirik investisiya portfeli;

- sug‘urta portfelida xalqaro qayta sug‘urtalash biznesining sezilarli ulushi;

- moliyaviy moslashuvchanligi va aktivlar sifati;

- sug‘urta zaxiralarining yuqori darajasi.

Reyting prognozining "ijobiy" darajaga ko‘tarilishi kompaniyaning kreditga layoqatlilik darajasi yuqoriligini ko‘rsatadi, bu esa uning xalqaro sug‘urta va qayta sug‘urta bozorlaridagi faoliyatini jadal kengaytirish uchun sharoit yaratadi.

Shuningdek, ta’kidlash joizki, 2025 yil may oyida sug‘urta kompaniyalariga xalqaro reytinglarni baholash va berishga ixtisoslashgan "A.M. Best Company Inc." xalqaro reyting agentligi tomonidan kompaniyaning moliyaviy barqarorlik reytingi (FSR) "B" darajasida va emitentning uzoq muddatli kredit reytingi (ICR) "bb" darajasida tasdiqlandi, ikkala reyting bo‘yicha prognoz "barqaror" deb belgilandi.

Xususan, "O‘zbekinvest" kompaniyasi bugungi kunda respublikaning moliya sohasidagi "A.M. Best Company Inc." xalqaro reyting agentligidan ushbu darajadagi reytingga ega bo‘lgan yagona tashkilotdir.