Istemolchi huquqlarini sudgacha himoya qilishda sugʼurtaning oʼrni

chop etish versiyasi
22.09.2023

Fargʼona davlat universitetida “Isteʼmolchi huquqlarini sudgacha va sud tartibida himoya qilish asoslari” mavzusida ochiq muloqot boʼlib oʼtdi. Tadbir Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi viloyat hududiy birlashmasi hamda viloyat sudi bilan hamkorlikda tashkillandi. Unda “Oʼzbekinvest” eksport-import sugʼurta kompaniyasi АJ Fargʼona filiali menejerlari – Tohir Аlimov, Odiljon Sodiqov, matbuot kotibi Kamola Polvonova qatnashib, “Istemolchi huquqlarini sudgacha himoya qilishda sugʼurtaning oʼrni” mavzusi doirasida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Taʼkidlanganidek, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 sentyabrdagi “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʼurta qilish qoidalariga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi Qaroriga yevroprotokol tushunchasining kiritilishi transport vositalari egalariga yengillik berdi. Yaʼni tan jarohati bilan bogʼliq boʼlmagan yoʼl-transport hodisasi YPX xodimi ishtirokisiz, ikkala tarafning oʼzaro rozili va kelishuvi asosida rasmiylashtiriladi. Yoʼl-transport hodisasi toʼgʼrisidagi xabarnomaga asosan, yoʼl harakati xavfsizligi xodimi tomonidan amalga oshiriladigan rasmiyatchilik va sud qarorini kutmasdan sugʼurta tovonini olish mumkin.

Taʼkidlash lozimki, mazkur xabarnomani toʼldirish davomida keltirilgan asoslarning toʼliq emasligi mazkur hujjatni haqiqiy emas, deb topilishiga sabab boʼladi. Jumladan, transport vosiatalari egalarining sugʼurta polisi muddati oʼtgan boʼlsa ham.

Shuningdek, Kasko va mol-mulk ixtiyoriy sugʼurtalarining amal qilish davrida koʼrilgan zararni sugʼurtalanuvchiga toʼlab berish davomida uchinchi shaxslar tomonidan yetkazilgan zarar sudning ishtirokisiz va ortiqcha ovoragarchiliklarsiz qoplanishi yuzasidan atroflicha tushuncha berildi.