Prezident raisligida tovar-xom ashyo birjasida savdolarni koʼpaytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish boʼyicha yigʼilish boshlandi.

chop etish versiyasi
17.05.2022

“Birja samarali ishlamasa, bozor munosabatlari ham boʼlmaydi. Birja savdolari erkin raqobatni shakllantiradi, tadbirkorlarga yangi bozorlarni ochadi, “yashirin iqtisodiyot” va korruptsiyani keskin kamaytiradi”, dedi davlat rahbari.

Islohotlar natijasida:

- soʼnggi uch yilda birja savdo aylanmasi 2 baravarga oʼsib, 90 trillion soʼmga yetdi, sotiladigan tovarlar soni 3 baravarga koʼpaydi (200 tadan 627 taga yetdi);

- xorijiy davlatlarda birjaning 20 ta savdo maydonchalari tashkil etilib, joriy yilning 4 oyida 170 million dollarlik mahsulot sotildi;

- oʼtgan yili 1 ming 274 ta xorijiy kompaniya Oʼzbekiston birjasiga katta hajmlarda mahsulot qoʼyishni boshladi.

“Mana natija. Lekin bu imkoniyatlarimizning oʼndan biri ham emas”, - dedi Prezident hamda Tashqi savdo, Tashqi ishlar vazirliklariga xorijdagi barcha elchixonalarni jalb qilib, bunday savdo maydonchalarini tashkil etish boʼyicha topshiriq berildi.

Birjaga oʼz mahsulotlarini qoʼygan yirik korxonalar ochiq-oshkora savdolar hisobiga oʼtgan yilning oʼzida 8 trillion soʼm qoʼshimcha daromad qilgani taʼkidlandi. Ilgari turli sxemalar orqali korruptsiya boʼlib, daromadlar ayrim “oʼrtakashlar” choʼntagida qolar edi.

Misol uchun, bir yil avval benzinda davlat taqsimoti bekor qilinib, erkin birja savdosiga qoʼyilgani hisobiga bugungi kunda eng chekka “zapravkalar”da ham sifatli benzin bor.

Yoki, oʼtgan uch yilda birja maydonchasida avtoraqamlarni sotish hisobiga byudjetga 1 trillion soʼm qoʼshimcha tushum taʼminlandi.

Eng muhimi, bu sohalardagi defitsit, korruptsiya, tanish-bilishchilik yoʼq boʼldi.

Shu bilan birga, birja savdolarini tashkil etish, mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini kengaytirish borasida hali tizimli muammolar mavjud.

Misol uchun, birja savdolarining 85 foizini 45 turdagi yuqori likvidli mahsulotlar tashkil etmoqda.

Soʼnggi yillarda ishlab chiqarilishi keng yoʼlga qoʼyilgan tekstilь, ipak, charm, kabelь mahsulotlarining birja savdolaridagi ulushi past.

Jizzax, Navoiy, Samarqand va Xorazmda birja savdolari ancha faollashgan. Lekin Sirdaryo, Аndijon va Surxondaryodagi korxonalarning birja savdolaridagi ishtiroki pastligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, Zangiota 37 turdagi, Karmana 24 turdagi, Dangʼara va Jomboy 17 turdagi mahsulotlarni birjaga chiqargan boʼlsa, Аndijon, Nurota, Qiziriq, Boyovut tumanlarida atigi 1 turdagi mahsulot birjaga qoʼyilmoqda.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga mahalliy mahsulotlarni birjaga olib chiqishni tuman darajasiga tushirish boʼyicha tizim yaratish vazifasi qoʼyildi.

“Misol uchun, 1 iyuldan fermer va klasterlar 500 ming tonna gʼallani birja orqali sotishi yoʼlga qoʼyilmoqda. Bu fermerlar uchun 2 trillion soʼm qoʼshimcha daromad degani.

Lekin, tuman hokimlarida fermer mahsulotini birjaga qanday olib chiqishi, bu borada kimga murojaat qilishi, yaʼni ishni qanday tashkil etishi boʼyicha aniq rejalar bormi? Bu savolga birorta hokimda ijobiy javob yoʼq”, dedi Prezident.

Mahalliy mahsulotlarni birjada koʼpaytirish boʼyicha yangi tizim Oʼrtachirchiq tumani misolida tushuntirildi.

Yangi tizim boʼyicha:

- tuman hokimi gʼalla yetishtiruvchi fermer va klasterlar kesimida bugʼdoyni birjaga olib chiqish oyma-oy rejasini ishlab chiqadi;

- tuman hokimi va Savdo-sanoat palatasining tuman boʼlimi ushbu fermer va klasterlarni birjada roʼyxatdan oʼtkazishni tashkillashtiradi;

- tadbirkorga qulay boʼlishi uchun Savdo-sanoat palatasi tuman boʼlimida birja savdo maydonchasi tashkil etiladi;

- ushbu savdo maydonchasida tadbirkor, fermer va klasterlarga birja hujjatlarini rasmiylashtirishga koʼmaklashiladi;

- ular shu joyning oʼzida birja savdolarida ishtirok etishga oʼqitiladi;

- fermerlarga bugʼdoyni birjaga qoʼyganda garov talab etilmaydi.

Birja savdosi boʼyicha tadbirkor va fermerlar uchun sodda va loʼnda metodika ishlab chiqiladi.

Sotilgan mahsulotga birja tomonidan bir kunda toʼlov amalga oshiriladi. Bunda fermerga toʼlovlarni oʼz vaqtida va toʼliq kelib tushishini birja kafolatlaydi.

“Bu yangi tizim fermer va klasterlarga maktab, hokimlarga esa sinov boʼladi”, dedi Prezident.

Yigʼilishda yil yakuniga qadar birjalarga oʼz mahsulotini olib chiqadigan mahalliy tadbirkorlar sonini kamida 2 baravarga, mahsulotlar turini esa 5 baravarga oshirish zarurligi qayd etildi.

Hozirda 45 mingdan ziyod mahalliy sanoat korxonalarining bor-yoʼgʼi 7 foizi birjaga oʼz mahsulotini chiqarayotgani tanqid qilindi.

Jomboy tumanidagi gʼisht ishlab chiqaruvchi korxona oʼz mahsulotini birjaga olib chiqishi natijasida 21 milliard soʼmlik daromad olgan. Uychi tumanidagi beton qorishmasi ishlab chiqaruvchi korxona 10 milliard soʼmlik mahsulotini birja orqali sotgan.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari tomonidan bu tajriba joylarda yoʼlga qoʼyilmagani Prezident tomonidan tanqid qilindi.

24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashdi. Ushbu tumanlarda joriy yilda umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 150 ta loyihani amalga oshirish reja qilingan.

Lekin, bugungi kunda gipsokarton, quruq qurilish qorishmalari, lak-boʼyoq, kafelь, mix kabi mahsulotlarni birjaga qoʼyish boʼyicha cheklovlar mavjud.

Yigʼilishda mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibi soddalashtirilishi belgilandi. Jumladan:

- 1 iyuldan birjada alohida istiqbolli tovarlar sektsiyasi tashkil etilib, mahalliy tadbirkorlarning ishlab chiqargan mahsulotini ortiqcha hujjatlarsiz sotish yoʼlga qoʼyiladi;

- eng yaxshi sotilgan tovarlar keyinchalik birjaning asosiy savdo maydonlariga joylashtiriladi;

- tadbirkorlarning davlat roʼyxatidan oʼtishi bilan bir vaqtda birjada ham hisobga olish tartibi joriy etiladi;

- mahalliy tadbirkorlarning mahsulotlari uchun birja toʼlovlari 2 baravarga qisqartiriladi;

soliq nazoratida tadbirkorlarning birja orqali sotilgan yoki xarid qilingan tovarlari boʼyicha qoʼshimcha oʼrganish oʼtkazilmaydi.

Yil yakuniga qadar birjadagi tovar aylanmasini 2 baravarga oshirish uchun barcha zaxiralarni ishga solish zarurligi koʼrsatib oʼtildi.

Misol uchun, suyuq mineral oʼgʼitlar, neftь koksi, nafta, kaustik soda, suyuq uglerod oksidi va texnik kislorod, metall prokat list va poʼlat sharlar, barda kabi mahsulotlarni birja orqali sotishni boshlashga koʼrsatma berildi.

Yigʼilishda ayrim turdagi yuqori likvidli tovarlar birjaga qoʼyilmagani oqibatida ularning narxlarida oʼsish kuzatilayotgani taʼkidlandi.

Misol uchun, oʼtgan yilgi paxta hosilidan qariyb 1,5 million tonna texnik chigit olingan boʼlsada, shundan birjaga 939 ming tonnasi yoki 56 foizi chiqarilgan. Yoki, birjadan chigit olgan 119 ta yogʼ-moy korxonalaridan 20 tasi paxta yogʼini birja savdolariga umuman qoʼymagan.

Shu bois yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qoʼyilgani ustidan tizimli nazorat oʼrnatish vazifasi qoʼyildi.

Bunda birjaga qoʼyish majburiy boʼlgan tovarlarni, ayniqsa texnik chigit va paxta yogʼini toʼgʼridan-toʼgʼri sotgan korxonalarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi.

Yil yakuniga qadar eksport-import mahsulotlarining birja savdolari hajmini 500 million dollarga olib chiqish vazifasi qoʼyildi.

1 iyuldan boshlab eksport uchun 10 ming tonna mis, 50 ming tonna qora metallar, 15 ming tonna oltin-gugurt, 1 million kvadrat metr qurilish oynasi birjaga qoʼyiladi.

Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga xorijdagi elchilar va savdo maslahatchilari bilan birga mineral oʼgʼit, neftь mahsulotlari, koʼmir, yogʼoch kabi mahsulotlar boʼyicha birja savdolarini boshlash uchun kamida 100 ta xorijiy yirik ishlab chiqaruvchi va ulgurji savdo korxonalarini jalb qilish topshirildi.

Shu bilan birga, joriy yil 1 iyuldan boshlab birja savdolari orqali eksport-import qilishda:

- xorijiy yetkazib beruvchilarga elektron raqamli imzoni majburiy olish tartibi bekor qilinadi;

- xorijiy kompaniyalar uchun oldindan toʼlov va birja xizmatlari toʼlovi bekor qilinadi;

tadbirkorlarga toʼlovlarni kafolatlash bank akkreditivi singari birja kliring tizimi orqali ham taʼminlanadi.

“Hududlarning birja savdolaridagi ishtirokini kengaytirish boʼyicha hokimlarning ish rejasi bilan tanishib chiqdim.

Ochiq aytish kerak, hali aksariyat hokimlar masalani ichiga kirmagan, birja nimaligini bilmaydigan tuman hokimlari ham bor”, dedi davlat rahbari

Shu bois har bir viloyat, tuman va shahar hokimiga:

- oʼz hududidagi tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning ishlab chiqarish quvvatlarini tahlil qilish;

- aniq turdagi va miqdordagi mahsulotlarni birjaga olib chiqish boʼyicha oyma-oy rejalarini tasdiqlash topshirildi.

Soha uchun har yili kamida 1 mingta mutaxassis tayyorlab, ularning bandligini taʼminlashi zarurligi taʼkidlandi. Bunda kamida 100 ta nogironligi bor yoshlarni bepul oʼqitib, sohada ishga qabul qilish topshirildi.

Yigʼilish yakunida mutasaddilarning mavzu yuzasidan hisobotlari eshitildi.