Respublika Onkologiya markazida xayriya tadbiri tashkil etildi

chop etish versiyasi
05.09.2019

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bolalar uchun bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda xayriya tadbiri tashkil etildi.

Markazda davolanayotgan bolalar, ularning ota-onalari, markaz shifokorlari, respublikamizning taniqli san'at va sport yulduzlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan mazkur tadbirda zamonaviy mul'tfil'mlar va ertak qahramonlari turli tomoshalarni namoyish etishdi. Shuningdek, yurtimizning taniqli estrada yulduzlari tadbir ishtirokchilari uchun turli qo‘shiqlarni ijro etishdi.

Markazda davolanayotgan bolalarga «O‘zbekinvest» milliy sug‘urta kompaniyasi tomonidan bolalar adabiyotlari, rasm chizish va turli buyumlarni yasash vositalari hamda boshqa esdalik sovg‘alar taqdim etildi.

Biz barcha bolalarning tezroq sog‘ayib ketishini va hech qachon kasal bo‘lmasligini tilab qolamiz.

«O‘zbekinvest» milliy sug‘urta kompaniyasi

Axborot xizmati