2026-yil 23–24-mart kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Italiya – Markaziy Osiyo – Ozarbayjon” formatidagi Xalqaro agro-biznes forumi doirasida “Oʻzbekinvest” sugʻurta kompaniyasi rahbariyati Italiya Eksport-kredit agentligi — SACE prezidenti Guglielmo Picchi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Mazkur muzokaralar 2025-yil 26-may kuni Rim shahrida tomonlar oʻrtasida imzolangan hamkorlik kelishuvlarini rivojlantirishning mantiqiy davomi boʻldi.
Muzokaralar yakunida “Oʻzbekinvest” va SACE oʻrtasida muloqotni davom ettirish hamda hamkorlikning aniq yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va boshqa turdagi xomashyoni qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy korxonalarni tashkil etishga qaratilgan loyihalarni birgalikda sugʻurtalash masalalari koʻrib chiqildi. Ushbu loyihalar eksport salohiyatini oshirish, ichki bozorni toʻldirish va ilgʻor italyan texnologiyalari asosida yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Tomonlar, shuningdek, milliy eksportyorlarni qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi oʻrtasida oʻzaro savdoni ragʻbatlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Eksport mahsulotlari, texnologiyalar, uskunalar va xizmatlarni ilgari surishga koʻmaklashish, shuningdek tashqi savdo operatsiyalarini sugʻurtalashning samarali mexanizmlarini yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar eksportyorlarga toʻlovni kechiktirish sharti bilan amalga oshiriladigan yetkazib berishlarda sugʻurta qoplamasini taqdim etish muhimligini taʼkidladilar. Bu esa tijorat va siyosiy riskrlarni kamaytirish hamda milliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
Uchrashuv davomida kichik va oʻrta biznes subyektlarini qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlari, jumladan tadbirkorlarning xalqaro savdodagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiluvchi moliyaviy va sugʻurta instrumentlarini ishlab chiqish masalalari ham muhokama qilindi.
Alohida qayd etildiki, oʻzbek tomoni Italiya ilgʻor texnologiyalarini Oʻzbekistonga eksport qilish bilan bogʻliq sugʻurta shartnomalari doirasida SACE risklarini qayta sugʻurtalashda ishtirok etishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari — kontragentlar toʻgʻrisida zarur axborotni taqdim etishga tayyorligini bildirdi. Bu esa eksport-import operatsiyalarining shaffofligi va ishonchliligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun: “Oʻzbekinvest” eksport-import sugʻurta kompaniyasi AJ 2025-yil yakunlariga koʻra milliy eksportyorlarning iqtisodiy manfaatlarini siyosiy va tijorat risklaridan 3,3 mlrd AQSh dollaridan ortiq miqdorda kompleks sugʻurta himoyasi bilan taʼminladi, bu esa Oʻzbekiston Respublikasining xom ashyo boʻlmagan eksportining 34 foizini tashkil etadi.
