«O'zbekinvest» kompaniyasi 2018-yilda 32,2 mlrd so'm sug'urta qoplamalarini to'lab berdi

chop etish versiyasi
18.01.2019

Aholi sog'lig'i yoki mol-mulkiga baxtsiz hodisa oqibatida zarar yetganda unga moliyaviy ko'mak berish sug'urta kompaniyasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Mijozning sug'urta hodisasi yuzasidan murojaatini imkon qadar tez ko'rib chiqib, sug'urta qoplamasini o'z vaqtida to'lab berish esa sug'urtalovchining nufuzini belgilab beradi.

Sug'urta qoplamalarini to'lab berish borasida ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini doimiy oshirish, sug'urta shartnomalari bo'yicha o'z mijozlari oldida qabul qilingan majburiyatlarni vaqtida bajarish «O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi faoliyatining muhim yo'nalishidir.

Agar raqamlarga murojaat qilinsa, 2018-yilda jami 9846 ta sug'urta da'volari ko'rib chiqilib, qariyb 32,2 mlrd. so'm sug'urta qoplamasi to'lab berilgan. Shundan 25,6 mlrd. so'mi yuridik shaxslarga to'lab berilgan bo'lsa, 6,6 mlrd. so'mi jismoniy shaxslar ulushiga to'g'ri keladi.

Shunday qilib, o'tgan yilda har oyda o'rtacha 820 ta sug'urta da'volari ko'rib chiqilgan bo'lib, asosan ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtasi, ixtiyoriy tibbiy sug'urta, transport vositalari egalarining majburiy sug'urtasi, ixtiyoriy avto sug'urta, mol-mulk sug'urtasi bo'yicha sug'urta qoplamalari to'lab berilgan.

Amalga oshirilgan sug'urta qoplamalarining 74 foizi ixtiyoriy sug'urta turlariga, 26 foizi esa majburiy sug'urta turlariga to'g'ri keladi.

Ta'kidlash joizki, 2017-yilda kompaniya tomonidan mijozlarga jami 20,6 mlrd. so'm sug'urta qoplamasi to'lab berilgan.

«O'zbekinvest» kompaniyasi tomonidan aholi bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida Ishonch telefonlari, tunu kun ishlovchi dispetcherlik xizmati joriy etilgan. Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyati hududi bo'yicha xizmat ko'rsatuvchi assistans xizmati faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, sug'urta hodisasi yuz berganda kompaniya xodimlari voqea joyiga yetib borib, zarur yordamni ko'rsatmoqda.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati