«O'zbekinvest» kompaniyasi aprel oyida 1,4 mlrd. so'mdan ortiq sug'urta qoplamalarini to'lab berdi

chop etish versiyasi
24.05.2019

«O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan sug'urta da'volarini ko'rib chiqish, mijozlarning mol-mulki, sog'lig'iga yetgan zararlarni imkon qadar tez vaqt ichida qoplab berish tizimi yo'lga qo'yilgan. Buning uchun kompaniyada 24 soat ishlovchi dispetcherlik xizmati hamda Toshkent shahri va poytaxt viloyati hududida sug'urta hodisalari yuz berganda voqea joyiga yetib borib, zarur yordamni ko'rsatuvchi assistans xizmati mavjud.

Agar raqamlarga murojaat qilinsa, joriy yilning aprel oyi davomida 946 ta sug'urta hodisalari bo'yicha mijozlardan kelib tushgan murojaatlar asosida 1,4 mlrd. so'mdan ortiq hajmidagi sug'urta qoplamalari to'lab berildi. Ko'rib chiqilgan da'volarning 84 foizi ixtiyoriy sug'urta turlariga to'g'ri keladi.

Sug'urta qoplamalari asosan ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtasi, ixtiyoriy tibbiy sug'urta, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urtasi, tashuvchining professional javobgarligi sug'urtasi, transport vositalarini ixtiyoriy sug'urtasi, qurilish qaltisliklari sug'urtasi bo'yicha yetkazilgan zararlarni qoplab berish uchun to'lab berilgan.

Joriy yil boshidan buyon “O'zbekinvest” kompaniyasi tomonidan mijozlarga qariyb 6,5 mlrd. so'm sug'urta qoplamalari to'lab berilgan.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati