«O'zbekinvest» kompaniyasi joriy yilning I yarmida 9,3 mlrd. so'm sug'urta qoplamalarini to'lab berdi

chop etish versiyasi
29.07.2019

«O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi tomonidan sug'urta da'volarini ko'rib chiqish, mijozlarning mol-mulki, sog'lig'iga yetgan zararlarni imkon qadar tez vaqt ichida qoplab berish tizimi yo'lga qo'yilgan. Buning uchun kompaniyada 24 soat ishlovchi dispetcherlik xizmati hamda Toshkent shahri va poytaxt viloyati hududida sug'urta hodisalari yuz berganda voqea joyiga yetib borib, zarur yordamni ko'rsatuvchi assistans xizmati faoliyat ko'rsatmoqda.

Agar raqamlarga murojaat qilinsa, 2019-yilning I yarim yili davomida kompaniya tomonidan 6871 ta sug'urta da'volari ko'rib chiqildi va ular bo'yicha qariyb 9,3 mlrd. so'm sug'urta qoplamasi to'lab berildi.

Shunday qilib, joriy yilning o'tgan har oyida o'rtacha 1100 dan ortiq sug'urta da'volari ko'rib chiqilgan, asosan ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish, ixtiyoriy tibbiy sug'urta, majburiy va ixtiyoriy avtosug'urta, qurilish qaltisliklari sug'urtasi shartnomalari bo'yicha sug'urta qoplamalari to'lab berilgan. Masalan, faqat avtomobillarni majburiy va ixtiyoriy sug'urtalash bo'yicha to'lab berilgan sug'urta qoplamalari qariyb 1,2 mlrd. so'mni yoki olti oy davomida to'langan jami sug'urta qoplamalarning qariyb 12,7 foizini tashkil etmoqda.

Ta'kidlash joiz, sug'urta himoyasining afzalliklarini aholiga tushuntirish bo'yicha olib borilayotgan tadbirlar natijasida oxirgi yillarda sug'urtaning ixtiyoriy turlariga nisbatan qiziqish va talab ortmoqda. Masalan, joriy yilning I yarim yili davomida to'lab berilgan sug'urta qoplamalarining 36 foizi ixtiyoriy sug'urta turlariga to'g'ri keladi.

Joriy yilning faqat iyun oyida esa sodir bo'lgan sug'urta hodisalari bo'yicha berilgan da'vo arizalarining ko'rib chiqilishi natijasida yetkazilgan zararlarni qoplab berish uchun 1,5 mlrd. so'mdan ortiq sug'urta qoplamalari to'landi.

«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati