Sug'urta tizimi korxona va tashkilotlarda hamda jismoniy shaxslar uchun yuza kelishi mumkin bo'lgan moliyaviy qaltisliklarni imkon qadar kamaytirish vositasidir. Respublikamizda sug'urta tizimini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining takomillashtirilib borilayotgani va sug'urta tashkilotlari sonining oshib borayotgani mazkur sohaning mamlakatimizda rivojlanib borayotganidan darak beradi.
«O'zbekinvest» milliy sug'urta kompaniyasi xorijiy investorlar va mahalliy eksportchilar manfaatlarini yanada ishonchli sug'urta himoyasi bilan ta'minlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan o'z faoliyatini takomillashtirib bormoqda.
Ushbu yo'nalishdagi faoliyatni yanada rivojlantirish maqsadida «O'zbekinvest» va “Barents Reinsurance SA” kompaniyalari o'rtasida hamkorlik, ya'ni qayta sug'urtalash bo'yicha shartnoma imzolandi.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda «O'zbekinvest» kompaniyasi halqaro sug'urta bozorining Willis (Buyuk Britaniya), Korean Re (Koreya), Zurich, (Shveytsariya), Societe de Courtage Re, Skala Broker, Malakut Broker, Glinso Broker, Rosgosstrax SK (Rossiya), Allianz, HDI-Gerling (Germaniya), AXA Corporate Solutions (Fransiya), PICC, Starr Property and Casualty Insurance (Xitoy) kabi kompaniyalari bilan aloqalarni yo'lga qo'ygan.
«O'zbekinvest» EIMSK Axborot xizmati