Prezident Sh.Mirziyoev tomonidan "Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili" deb e'lon qilingan 2025 yilda O‘zbekiston Respublikasida ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish bo‘yicha belgilangan vazifalarga muvofiq hamda "Yashil makon" umummilliy loyihasini amalga oshirish maqsadida 2024 yil 7 dekabr kuni "O‘zbekinvest" sug‘urta kompaniyasi xodimlari tomonidan 1 gektardan ortiq yerga 540 dan ziyod manzarali va mevali daraxtlar ekildi.
Bog‘ Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan.
Hududni obodonlashtirishda 2024 yildagi dunyoning eng yaxshi taekvondochisi, WT taekvondo bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov ham ishtirok etdi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi "Yashilloyiha" loyiha instituti tomonidan ishlab chiqilgan ishchi loyiha bo‘yicha daraxt turlari hududning iqlim va tuproq sharoitidan kelib chiqib, bog‘lar barpo etish va atrof hududni ko‘kalamzorlashtirishni hisobga olgan holda tanlab olindi. Bog‘ga qurg‘oqchilikka chidamli va joy tanlamaydigan olma, "Shpanka" olchasi va gilos kabi mevali daraxt turlari hamda lola daraxti, qrim qarag‘ayi, kashtan, eman, zarang, shumtol, yapon soforasi, qayrag‘och, teskari tut va Pisardi olxo‘risi kabi manzarali daraxt turlari ekildi. Suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida bog‘ hududida tomchilatib sug‘orish tizimi ham o‘rnatiladi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida bog‘ hududi obodonlashtirildi, agrotexnik ishlar amalga oshirildi, shuningdek, sayr yo‘lakchasi o‘tkazildi. Kelgusida kompaniya dam oluvchilar uchun dala shiyponi qurishni ham rejalashtirgan.
Daraxtlarning koordinatalari "Yashil makon" umummilliy platformasiga ma'lumotlarni kiritish uchun Ekologiya vazirligining ma'sul xodimiga taqdim etildi.
"Yashil makon" loyihasi atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish bo‘yicha davlat siyosatining bir qismi hisoblanadi. Loyihaning maqsadi mamlakatda yashil maydonlarni ko‘paytirish, shahar va qishloq hududlarini ko‘kalamzorlashtirishdan iborat.
"O‘zbekinvest" kompaniyasi kelgusida "yashil" texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, va eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan loyihalarga o‘z hissasini qo‘shib kelishni davom ettiradi.