“Oʻzbekinvest” sugʻurta kompaniyasi 2025-yilning 9 oyi davri ichidagi faoliyati yakunlarini sarhisob qildi

chop etish versiyasi
15.10.2025

Sugʻurta bozorining jadal rivojlanishi va barqaror oʻsish tamoyillarini amalga oshirish sharoitida “Oʻzbekinvest” kompaniyasi Oʻzbekiston sugʻurta sohasining yetakchi ishtirokchilaridan biri sifatidagi maqomini tasdiqlab kelmoqda hamda faoliyatning barcha asosiy yoʻnalishlarida ijobiy dinamikani namoyon etmoqda.

2025-yilning 9 oy yakunlariga koʻra kompaniyaning jami sugʻurta mukofotlari yigʻimi 1 178,3 milliard soʻmni tashkil etdi, bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 145 foiz oʻsishni koʻrsatadi.

Qayta sugʻurta mukofotlari hajmi 50,5 million AQSH dollariga yetdi, shu bilan birga kompaniya portfelining 53 foizi xalqaro qayta sugʻurta ulushiga toʻgʻri keldi.

Hisobot davrida milliy tovar va xizmat eksportchilariga 2,4 milliard AQSH dollari miqdorida sugʻurta himoyasi taqdim etildi.

Korporativ segmentda sugʻurta mukofotlari yigʻimi 297,9 milliard soʻmga yetdi (2024-yilning shu davriga nisbatan 151 foiz oʻsish), shulardan 51,1 milliard soʻm investitsiya loyihalarini sugʻurta qilishga toʻgʻri keladi.

Jismoniy shaxslarni sugʻurta qilish segmentida mukofotlar yigʻimi 95,7 milliard soʻmni tashkil etdi, bu oʻtgan yil koʻrsatkichlaridan 107 foizga koʻpdir.

Kompaniyaning mijozlar bazasi 583 399 nafardan 749 243 nafargacha oʻsdi (128 foiz oʻsish). Jumladan, yuridik shaxslar bilan 66 362 ta, jismoniy shaxslar bilan esa 898 752 ta shartnoma tuzilgan boʻlib, bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 132 foizga koʻpdir.

Kompaniya transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish (OSGOVTS) bozorida ham yetakchi hisoblanadi. 2025-yilning 9 oyi mobaynida raqamli platformalar orqali 780 mingdan ortiq onlayn-polislar rasmiylashtirildi.

Hisobot davri davomida “OʻzbekInvest” kompaniyasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga 3 740 ta sugʻurta holati boʻyicha jami 97 milliard soʻm miqdorida sugʻurta toʻlovlari amalga oshirildi.

Xalqaro eʼtirof va hamkorliklar

Joriy yilning aprel oyida “Oʻzbekinvest” kompaniyasi 90 dan ortiq davlatdan 500 dan ziyod yetakchi sugʻurta kompaniyalarini birlashtiruvchi International Insurance Society (IIS) aʼzosi boʻldi.

May oyida kompaniya London sugʻurta bozorida faoliyat yurituvchi eng yirik sugʻurta va qayta sugʻurta kompaniyalarini birlashtiruvchi professional uyushmalardan biri — The International Underwriting Association of London (IUA) tashkilotiga aʼzo boʻldi.

Ushbu voqealar Oʻzbekiston sugʻurta sohasining xalqaro integratsiyasi yoʻlida muhim qadam boʻlib, uning jahon miqyosidagi oʻrni va nufuzi eʼtirof etilganini yana bir bor tasdiqladi.

Bundan tashqari, hisobot davrida “Oʻzbekinvest” qator yetakchi xalqaro institutlar bilan hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlar imzoladi, jumladan:

-Ispaniyaning eksport-kredit agentligi CESCE,

-Italiyaning eksport sugʻurtasi kompaniyasi SACE,

-qator ispan va italiya sugʻurta hamda brokerlik kompaniyalari,

-Slovakiyaning Eksport-import banki Eximbanka SR bilan.

Shuningdek, may oyida “Oʻzbekinvest” AJ rahbar xodimlari va viloyat filial direktorlari Germaniyaning Gannover, Leypsig, Myunxen va Frankfurt-na-Mayn shaharlariga xizmat safari uyushtirdilar. Safar doirasida yirik xorijiy sugʻurta, qayta sugʻurta va brokerlik kompaniyalari tomonidan tashkil etilgan maxsus oʻquv dasturida ishtirok etilib, malakani oshirishga qaratilgan tajriba almashinuvi amalga oshirildi.

Shu bilan birga, sentyabr oyida kompaniyaning tuman boʻlimlarining eng yaxshi 30 nafar rahbari va yetakchi mutaxassislari Chexiyaning Praga shahrida joylashgan Gʻarbiy Bogemiya universitetida taʼlim oldilar.

Xalqaro reytinglar

2025-yil may oyida xalqaro reyting agentligi A.M. Best Company “Oʻzbekinvest” kompaniyasining reytinglarini “B” va “bb” darajasida, “Barqaror” prognozi bilan tasdiqladi.

Iyun oyida Moodyʼs Ratings agentligi kompaniyaning moliyaviy barqarorlik reytingi boʻyicha prognozini “Ba2 (Barqaror)” darajasidan “Ba2 (Ijobiy)” darajasiga oshirdi. Bu koʻrsatkich Oʻzbekistonning bank-moliya sektoridagi tashkilotlar orasida eng yuqori baholardan biri hisoblanadi.

“Oʻzbekinvest” kompaniyasi barqaror rivojlanish strategiyasiga amal qilgan holda, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish darajasini oshirish hamda ichki va xalqaro bozorlarda mijozlar ishonchini mustahkamlashni davom ettirmoqda.