Bern Ittifoqi: hamkorlar O‘zbekistondagi islohotlar muvaffaqiyati va investitsiyaviy jozibadorlikning o‘sishini ta’kidladilar

chop etish versiyasi
27.10.2025

«O‘zbekinvest EISK» AJ delegatsiyasi 2025 yil 21–23 oktyabr kunlari Kanadada (Ottava shahrida) bo‘lib o‘tgan Bern Ittifoqining yillik umumiy yig‘ilishida (Annual General Meeting) ishtirok etdi.

1934 yilda tashkil etilgan Bern Ittifoqi dunyodagi 100 ga yaqin rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarning davlat eksport-kredit institutlarini birlashtiradi.

Yillik yig‘ilish doirasida «O‘zbekinvest» delegatsiyasi Bern Ittifoqi rahbariyati (Prezident va Bosh kotib) hamda Kanada, Braziliya, AQSh, Yaponiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Shvetsiya, Shveytsariya, Saudiya Arabistoni, Finlyandiya, Iordaniya va boshqa mamlakatlar delegatsiya rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Yillik yig‘ilish doirasida Braziliya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni va Iordaniyaning eksport-kredit agentliklari bilan savdo va investitsiyalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar imzolandi.

Shuningdek, 23 oktyabr kuni yillik yig‘ilish doirasida O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi, investitsiyaviy va eksport salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi va rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning yuqori samaradorligini ta’kidlab o‘tdilar.

Ushbu islohotlar natijasida mamlakatda siyosiy va ijtimoiy barqarorlik, makroiqtisodiy muvozanat, iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari, eksport rivoji, tashqi va ichki investitsiyalar hajmining keskin ortishi, kambag‘allikning kamayishi hamda hududlarning jadal rivojlanishi ta’minlandi.

Yuqorida qayd etilgan davlatlarning eksport-kredit agentliklari rahbarlari va vakillari o‘z mamlakatlarida O‘zbekiston iqtisodiyoti kunlarini o‘tkazish hamda o‘zbek hamkorlari bilan investitsiyalar va savdoni rivojlantirishga qiziqish bildirgan ishbilarmon doiralar delegatsiyalarini qabul qilish istagini bildirdi.

Bern Ittifoqi rahbariyati kelgusida Bern Ittifoqining navbatdagi yillik yig‘ilishlaridan birini Toshkent yoki Samarqand shaxrida o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqish niyati borligini qayd etdi. Bu o‘z navbatida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi bilan hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish masalalariga jahon miqyosidagi investorlar e’tiborini yanada oshiradi.