A.M. Best Company xalqaro reyting agentligi “O‘zbekinvest”ning reytingini “Barqaror” prognozi bilan «bb» darajasigacha ko‘tardi

chop etish versiyasi
29.04.2024

2024 yil 26 aprel' kuni «A.M. Best Company Inc.» (AQSh) xalqaro reyting agentligi “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasining moliyaviy barqarorlik reytingini “barqaror” prognoz bilan «bb» darajasiga ko‘tarilganini rasman e'lon qildi.
Ushbu reyting agentligi faqat sug‘urta kompaniyalarini baxolash hamda ularga xalqaro reytinglarni berishga ixtisoslashgan dunyodagi yagona global moliya institutidir.

Bugungi kunda “O‘zbekinvest” kompaniyasi «A.M. Best Company Inc.» xalqaro reyting agentligi tomonidan «bb» moliyaviy barqarorlik reytingi taqdim etilgan O‘zbekiston sug‘urta bozoridagi birinchi va yagona tashkilot hisoblanadi. Kompaniya ushbu reyting agentligi bilan 4 yildan beri hamkorlik qilib kelmoqda. A.M. Best Company o‘zining press-relizida shunday dedi: “... “O‘zbekinvest” kompaniyasi balansining moliyaviy mustahkamligi kapitalning yetarlilik koeffisienti (BCAR) bilan o‘lchanadigan eng yuqori darajadagi riskga moslashtirilgan kapitallashuv bilan quvvatlanadi. Kompaniya investisiyalarni taqsimlash bo‘yicha nisbatan konservativ strategiyani qo‘llab- quvvatlaydi, investisiyalarining qariyb yarmi obligasiyalar va boshqa asosan yuqori kredit sifatiga ega barqaror daromadli qimmatli qog‘ozlarga to‘g‘ri keladi. “O‘zbekinvest” kompaniyasining biznes profilini baholash uning O‘zbekistonning kichik va rivojlanayotgan sug‘urta bozoridagi yetakchi mavqeini va tashqi bozorlarda paydo bo‘layotgan raqobatbardosh pozisiyalarini aks ettiradi. So‘nggi uch yil ichida kompaniya qayta sug‘urtalash portfelini sezilarli darajada oshirdi, bu 2023- yildagi yalpi sug‘urta mukofotlarning 50% dan ortig‘ini tashkil etdi”.

«A.M. Best Company»dan xalqaro reyting darajasini tasdiqlanishi kompaniyaning kreditga layoqatliligining yuqori darajasidan dalolat beradi, bu esa uning xalqaro qayta sug‘urtalash bozoridagi faoliyatini oshirishga va mahalliy eksportchilarga, shuningdek, O‘zbekistonga investisiya kiritayotgan xorijiy kompaniyalarga sug‘urta himoyasini kengaytirish uchun sharoit yaratmoqda. Bugungi kunda “O‘zbekinvest” kompaniyasi dunyoning 136 ta davlatida qayta sug‘urtalash bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirmoqda, 2023 yil yakunlariga ko‘ra sug‘urta tushumlarining umumiy hajmidagi xorijiy daromadlar hajmi 51 foizdan oshdi.

Shuningdek, 2023 yilda kompaniya tomonidan milliy eksportchilar 2,5 mlrd AQSh dollari miqdorida sug‘urta himoyasi bilan ta'minlandi, bu O‘zbekistonning noxomashyo eksporti qoplamasining 36 foizini tashkil etdi. Kompaniya 2023 yilda 1,2 trln so‘m sug‘urta mukofotlarining yalpi yig‘ilishini ta'minladi hamda 2022 yil yakuniga nisbatan hajmlarni 1,3 barobar o‘sishiga erishdi. 2016 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida yig‘ilgan mukofotlar miqdori 12 barobarga oshdi.

2023-yilning may oyida «Standard & Poor’s» va «Fitch Ratings» bilan bir qatorda «katta uchlik» xalqaro reyting agentliklaridan biri bo‘lgan Moody’s Investors Service Ltd. (AQSh) xalqaro reyting agentligi «O‘zbekinvest» sug‘urta kompaniyasining moliyaviy mustahkamlik reytingi prognozi «Ijobiy», «Ba3» darajasiga ko‘tarilganini rasman e'lon qildi.