Davolovchi muassasalarning kasbiy javobgarligini sugʼurtalash shartnomasida quyidagilar aks etadi:
1) Sugʼurtalovchi – “Sugʼurta toʼgʼrisida”gi Qonunga asosan, ushbu sugʼurta turi boʼyicha, yaʼni sugʼurta turlari boʼyicha tegishli vakolatli idoradan litsenziyaga ega boʼlgan sugʼurta tashkiloti hisoblanadi.
2) Sugʼurtalanuvchi - Litsenziyaga muvofiq aholiga pullik tibbiy xizmatlarni koʼrsatuvchi yuridik shaxs shaklidagi davolash - profilaktika muassasasi.
3) Davolanuvchi - Sugʼurtalanuvchining kasbiy faoliyati doirasidagi tibbiy xizmatlaridan foydalanyotgan jismoniy shaxs.
4) Sugʼurta hodisasi yuz berganda, mazkur sugʼurta orqali, Shartnoma amalda boʼlgan davrda, Sugʼurtalanuvchining kasbiy xatosi yoki sifatsiz bajargan xizmati maboynida davolanuvchiga zarar yetkazganlik oqibatidagi yuzaga kelishi bilan bogʼliq javobgarligining mulkiy manfaatlarini himoyalaydi. Ushbu sugʼurta turi boʼyicha xizmatlarni koʼrsatish uchun, amaldagi qonunchilik asosida, sugʼurtalovchi, sugʼurtalanuvchi hamda davolanuvchining ishtiroki boʼlishi shart.
Yuqorida taʼkidlanganidek, davolanuvchiga noxos zarar yetkazilganda, sugʼurta hodisasining roʼy berishi bilan daʼvo yuzaga keladi. Bu borada sugʼurta daʼvosi quyidagicha koʼrib chiqiladi:
- Yetkazilgan zararni qoplash toʼgʼrisidagi talabni qoʼyishga asos boʼlishi mumkin boʼlgan voqea yuz bersa, sugʼurta shartnomasi shartlariga asosan, Sugʼurtalanuvchi, imkon boʼlishi bilan darhol, lekin 48 soatdan kechiktirmay, Sugʼurtalovchi tashkilotni bu xaqda xabardor qilishi va voqea yuz bergandan keyin 5 (besh) bank kuni ichida zararga taʼsir etgan sabablar va tavsilotlar koʼrsatilgan yozma arizani yoʼllashi hamda unga Shartnomada koʼrsatilgan hujjatlarni ilova qiladi.
Yaʼni, sugʼurta polisining asli, davolanuvchining yozma daʼvosi, davolanuvchining kasallik tarixi, mutaxassislarning davolanuvchi sogʼligʼiga zarar yetkazganligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa, Sugʼurtalanuvchi ushbu turdagi tibbiy xizmatlarni koʼrsatish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
Barcha hujjatlar, yaʼni daʼvo arizasi koʼrib chiqilgandan, soʼng sugʼurta tovoni toʼlanadi.
- Sugʼurta tovoni sud qarori yoki Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash Vazirligi huzuridagi ekspertlar komissiyasining Sugʼurta qildiruvchining davolanuvchi oldidagi javobgarligini tasdiqlovchi xulosasi asosida, sugʼurta tashkiloti tomonidan, “Sugʼurta hodisasi sodir boʼlganligi va tan olinganligi toʼgʼrisidagi dalolatnoma” imzolangan kundan boshlab, yetkazilgan zararning sugʼurtaga olingan majburiyati (sugʼurta summasi doirasida) uzogʼi bilan 15 (oʼn besh) kun ichida toʼlanadi.
04.04.2022